Jamiyat | 10:36 / 26.11.2016
13997
3 daqiqa o‘qiladi

An'anaviy o‘tkaziladigan Respublika insholar tanloviga start berildi

“Abituriyent” gazetasi  va O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi (UzTEA)ning YLDP — "Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi" tomonidan an'anaviy o‘tkaziladigan Respublika insholar tanlovi yana start oldi.  Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan mazkur ko‘rik-tanlov ikki bosqichli bo‘lib, saralash bosqichi uchun MY COUNTRY – MY PRIDE (Mening yurtim – mening faxrim) mavzusida insholar joriy yilning 30 dekabr sanasigacha qabul qilinadi. Ingliz tili mutaxassislaridan tarkib topgan hakamlar hay'ati har bir hududdan ikkita eng yaxshi insho muallifini tanlab oladi.

12ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahridan jami 28 nafar qalamkash YLDP resurs va trening markazida yig‘ilib, final bosqichda ishtirok etishadi. Belgilangan vaqt ichida nazoratchilar kuzatuvida insho yozgan qatnashchilar uchun tadbir doirasida Toshkent shahri bo‘ylab sayohat tashkil etiladi. 

Ta'kidlash joizki, ilk bor O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasining YLDP loyihasi Respublika miqyosida yoshlar o‘rtasida ingliz tilida insholar yozish tanlovini o‘tkazish tashabbusini 2014 yilning bahorida ko‘rsatgan edi. Har  kuz oylarida an'anaviy tarzda tashkil etiladigan insholar tanlovida birinchi safar 100dan ortiq, 2015 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan kuzgi tanlovda 1000 ga yaqin yoshlar qatnashgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi qoshidagi ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori hamda “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning  qo‘shimcha chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori va Dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida 2014 yilning fevral oyida tashkil etilgan.

Telefon: +99895 1969799, +998909414262
Email: [email protected]

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid