Jahon | 11:48 / 27.11.2016
7327
2 daqiqa o‘qiladi

Goa naqd pullar kerak bo‘lmaydigan Hindistonning birinchi shtatiga aylanmoqchi

Hindistonning sayyohlik avj olgan Goa shtati naqd pullar kerak bo‘lmaydigan Hindistonning birinchi shtatiga aylanmoqchi. 31 dekabrdan bu shtatdagi barcha to‘lovlarni mobil telefon yoki bank plastik kartochkasi yordamida amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Bu haqda shtat bosh kotibi Rajash Kumar Shrivastava ma'lum qildi.

"Barcha tranzaksiyalarni mobil telefon orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Pullar xaridorga tegishli bo‘lgan bank hisobidan yechib olinadi", deb Shrivastavaning so‘zlarini keltirib o‘tgan The Times of India nashri. Shrivastavaning aytishicha, bir oydan keyin kichkina Goada kartmon olib yurishga hojat qolmaydi va "kissavur kasbi ham yo‘qolib ketishi mumkin".

31 dekabrdan shtat hududida istalgan mahsulotlar, jumladan, baliq, go‘sht va sabzavotlarga mobil telefondagi ma'lum kodni terib to‘lovni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Bunda albatta smartfon bo‘lishi shart emas. Bu tizim plastik kartochka terminallariga ega bo‘lmagan mayda sotuvchilar bilan ham to‘lovni amalga oshirishga imkon beradi. Mas'ul shaxsning aytishicha, shu bilan birga bankomatlar ishlayveradi, do‘kon yoki mehmonxonalarda plastik kartochka bilan to‘lovni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Shtat hududida qog‘oz pullar bilan to‘lovni amalga oshirish taqiqlanmaydi, biroq bu yerda "naqd pulsiz jamiyat"ga sekin-asta o‘tilishiga umid qilinmoqda.

Goa Hindistonning nisbatan kichik shtati bo‘lib, bu yerda 1,5 mln kishi yashaydi. Bu yerda odamlar yetarlicha o‘ziga to‘q yashaydi. Bundan tashqari, "jannatmakon shtat"ga ko‘plab xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi va ular odatda plastik kartochkalardan foydalanadilar.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid