Sport | 07:44 / 29.11.2016
7048
2 daqiqa o‘qiladi

Shaxmat qiroli unvoni egasi tay-breyk orqali aniqlanadigan bo‘ldi

Foto: © EPA/JUSTIN LANE

Rossiyalik shaxmatchi Sergey Karyakin va norvegiyalik Magnus Karlsen o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun Nyu-Yorkda o‘tayotgan uchrashuvning oxirgi, 12-partiyasi ham durang natija bilan yakunlandi. Endi g‘olib 30 noyabrda o‘tkaziladigan tay-breyk orqali aniqlanadi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.  

Karyakin va Karlsen 10 ta partiyani durang, bittadan partiyani g‘alaba bilan yakunladilar. Umumiy hisob 6:6 bo‘ldi. So‘nggi partiya uchrashuvdagi eng qisqa davom etgan partiya bo‘ldi: u bor-yo‘g‘i 35 daqiqa davom etib, 30-yurishdan keyin pot bilan yakunlandi. 

Tay-breyk rapid: har bir partiyaga 25 daqiqa va har bir yurish uchun qo‘shimcha 10 soniyadan iborat 4 partiyadan boshlanadi. Agar rapidda ham g‘olib aniqlanmasa, unda blits: 5 daqiqa va har bir yurish uchun qo‘shimcha 3 soniyadan iborat 2 ta partiya  o‘ynaladi.  

Agar zaruriyat bo‘lsa, 2 ta partiyadan qo‘shimcha 4 ta blits o‘tkaziladi. Agar bu partiyalardan keyin ham g‘olib aniqlanmasa, unda shaxmatchilar "armageddon" (qiyomat qoyim) deb ataluvchi mini-partiya o‘tkazadilar: bunda oq figuralar bilan o‘ynovchi shaxmatchi partiyani o‘ynashga 5 daqiqa, uning raqibi esa 4 daqiqa vaqtga ega bo‘ladi. Agar partiya pot bilan yakunlansa, g‘olib qora figuralar bilan o‘ynagan shaxmatchi bo‘ladi. 

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid