Jahon | 09:53 / 01.12.2016
5694
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Misr sudi Mursiyning 300ga yaqin tarafdoriga hukm o‘qidi

Misr harbiy sudi mamlakatning sobiq prezidenti Muhammad Mursiyning 296 nafar tarafdorini 1 yildan 25 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosiga mahkum etdi. Ular Ismoiliya viloyatidagi zo‘ravonliklar va tartibsizliklarga aloqadorlikda aybdor deb topilgan, deb yozmoqda Sinxua agentligi mahalliy OAVga tayangan holda. 

2013 yil iyul oyida Misr armiyasi "Musulmon birodarlar" harakatining hokimiyat tepasida bo‘lishidan xalq noroziligi kuchayib borayotganini aytib, Mursiyni hokimiyatdan chetlatgan va o‘tish davrini e'lon qilgan edi. Mursiy tarafdorlari davlat rahbarini o‘z lavozimiga tiklashni talab qilib ommaviy noroziliklar o‘tkazishdi. Buning oqibatida yuzlab misrliklar halok bo‘ldi. Sobiq davlat rahbari qatorida ko‘plab faollar ham hibsga olindi. 

2013 yil avgustida Mursiy tarafdorlari Ismoiliya viloyatidagi sud majmuasiga hujum qilgani natijasida 10ga yaqin xavfsizlik idoralari xodimlari qurbon bo‘lgandi. Agentlikning yozishicha, ushbu hujum rahbarlaridan biriga 25 yillik qamoq jazosi tayinlangan. 270dan ortig‘iga 15 yillik jazo chorasi belgilangan. Olti kishi esa oqlangan. 

Mavzuga oid