Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniyada O‘zbekiston Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan anjuman
Ispaniyaning Valensiya shahrida “O‘zbekiston Prezident saylovi arafasida” mavzuiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizning Madriddagi elchixonasi va Valensiya Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda Ispaniya Kongressi deputatlari, mamlakatning rasmiy, siyosiy, ishbilarmon doiralari vakillari, ekspertlar hamda jurnalistlar ishtirok etishdi.
Ular respublikamizda Prezident saylovlariga tayyorgarlikning borishi, davlat rahbari lavozimiga nomzodlarning dasturlari, bu jarayonda siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining tutayotgan o‘rniga doir ma'lumotlar bilan atroflicha tanishdilar.
Shuningdek, butun saylov jarayoni shaffoflik va demokratiya tamoyillari asosida o‘tishi ta'minlanishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning borishini monitoring qilishga xalqaro kuzatuvchilar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining missiyasi keng jalb etilganiga alohida e'tibor qaratildi.
Ushbu saylov kampaniyasiga va umuman, O‘zbekistonda kechayotgan dolzarb ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga Ispaniya tomoni vakillari katta qiziqish bildirishdi. Buni anjumanning ayrim ishtirokchilari “Jahon” axborot agentligi uchun bergan intervyular mazmunidan ham bilish mumkin.
Xose Mariya Chikiyo Barber, Ispaniya Kongressi deputati:
- Mustaqil rivojlanishning o‘tgan 25 yili mobaynida demokratiya, erkinlik va barqarorlikni ta'minlash borasida katta taraqqiyotga erishgan O‘zbekiston bugun navbatdagi muhim bosqich - mamlakat kelajagi uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan saylov arafasida turibdi. Joriy yil 4 dekabr kuni O‘zbekiston xalqi demokratik va erkin saylovlar chog‘ida to‘rt siyosiy partiyadan ilgari surilgan to‘rt nafar nomzod orasidan yangi Prezidentni saylaydi. Shubha yo‘qki, bu saylovlar respublika uchun, uning bundan keyingi farovonligi uchun fundamental ahamiyatga egadir.
Biz Yevropada, jumladan, Ispaniyada turib O‘zbekiston doimo tinch, barqaror va demokratik davlat bo‘lib qolishiga tilakdoshmiz.
Xesus de Salvador, professor, Valensiya Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti direktori:
- O‘zbekiston ko‘hna qit'aning qoq yuragida joylashgan juda muhim strategik Osiyo davlatlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakat tarixiy voqea - Prezident saylovi ostonasida turibdi. Mamlakat taqdiri qo‘lida turgan o‘zbek xalqi saylovda bu muhim va mas'uliyatli lavozim uchun eng munosib bo‘lgan nomzodni yoqlab ovoz beradi.
Tilagim shuki, O‘zbekiston kelgusida ham iqtisodiy izchil o‘sayotgan, siyosiy barqaror va xalqaro maydonda katta obro‘-e'tiborga ega bo‘lgan mamlakat sifatida ajralib tursin.
Xose Xoyo Rodrigo, Ijtimoiy fanlar, texnologiyalar va ta'lim xalqaro akademiyasining professori:
- Eng avvalo, shuni qayd etishni istardimki, boy tarix va madaniyatga ega O‘zbekiston menda hamisha hurmat-ehtirom va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otgan.
Bugun bo‘lib o‘tgan konferensiya chog‘ida O‘zbekistondagi saylovoldi jarayonlar bilan yaqindan tanishdik. Taqdim etilgan ma'lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mustaqil rivojlanishning 25 yili davomida mamlakat ko‘pdan-ko‘p demokratik andozalarni, jumladan, erkin va adolatli saylovlar o‘tkazishni o‘zlashtirgan. Saylov bilan bog‘liq jarayonlar ochiqlik kasb etgan, siyosiy partiyalar erkin faoliyat ko‘rsatmoqda, o‘z siyosiy dasturlarini ilgari surish uchun barcha nomzodlarga teng imkoniyatlar berilgan. Bularning barchasi zamonaviy demokratik saylovlarning ajralmas qismi hisoblanadi.
Daniyel Alegre Ponse, xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert, publitsist:
- O‘zbekistonga, uning ichki va tashqi siyosatiga, so‘nggi chorak asr davomida hayotga tadbiq etilgan keng qamrovli islohotlarga hurmat bilan qarayman.
Mamlakatingizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib bormoqdaman. Saylov arafasida xalqaro hamjamiyat e'tibori O‘zbekistonga qaratilgan va bu tushunarli holdir. Shu o‘rinda bir muhim jihatni alohida ta'kidlashni istar edim: Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha to‘laqonli missiyasini yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu, o‘z navbatida, hozirgi kunlarda respublikada ro‘y berayotgan katta muvaffaqiyatlar va demokratik o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilganidan dalolat beradi.
“Jahon” AA,
Madrid-Valensiya-Madrid
Mavzuga oid
09:01 / 25.05.2026
Ispaniyada uy-joy inqirozi: ijarachilar ko‘chalarga chiqdi
00:04 / 20.05.2026
Ispaniyada Mango do‘konlari asoschisining o‘g‘li otasini o‘ldirishda gumon qilinib ushlandi
08:04 / 13.05.2026
Inqirozdan dunyo brendiga: Bilbao shahrining qayta tug‘ilishi
21:51 / 11.05.2026