Jahon | 21:37 / 04.12.2016
4976
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziyada Myanmada musulmonlarning taqib qilinishiga qarshi namoyish o‘tkazildi

Foto: © AP

Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Myanma hukumati tomonidan arakanlik musulmonlarning taqib qilinishiga qarshi norozilik aksiyasi o‘tdi, unda 10 ming kishi ishtirok etgan.

Titivangs stadionida o‘tgan aksiyada Malayziya bosh vaziri Najib Razzoq, ichki ishlar vaziri Ahmad Zohid Hamidiy va Malayziya Islom partiyasi raisi Abdul Hodi Avang ham ishtirok etdi. 

Razzoqning aytishicha, Myanma hukumati unga norozilik namoyishida ishtirok etishdan voz kechish talab qilingan maktub yo‘llagan.

"Biroq shunga qaramay, men bu tadbirda nafaqat bosh vazir, balki Malayziya xalqi va islom ummati vakili sifatida qatnashmoqdaman", deb aytgan Razzoq.

Dunyo hamjamiyati arakanlik musulmonlarning taqib qilinishiga e'tiborsizlik qilmasligi kerak, deb aytgandi Turkiya parlamentining inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Mustafo Anaro‘g‘lu.

Uning aytishicha, Myanma xavfsizlik kuchlari Arakan shtatida o‘ta shafqatsizligi bilan ajralib turuvchi reydlar o‘tkazadilar.

"Oxirgi oyda bunday operatsiyalar davomida 428 kishi o‘ldirilgan va 440 kishi hibsga olingan. Yana 160 kishi qiynoqlarga solingan", deb aytgan Anaro‘g‘lu.

Deputatning aytishicha, bu milliy va diniy alomat bo‘yicha arakanlik musulmonlarga nisbatan o‘tkazilayotgan genotsid siyosatining yana bir isboti hisoblanadi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Myanmaning 10 foizi islom diniga e'tiqod qiladi. Myanmalik musulmonlar etnik guruh deb tan olinmagan va butun mamlakat bo‘ylab tarqoq holda yashaydilar.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid