Jamiyat | 19:03 / 12.12.2016
7802
2 daqiqa o‘qiladi

Atmosferada birinchi marta ammiak izlari topildi

Olimlar birinchi marta atmosferaning quyi qatlami bo‘lgan troposferada ammiak izlarini topishdi. Atmospheric Chemistry and Physics jurnalida shu haqida xabar berildi. 

Shunisi diqqatga sazovorki, Hindiston va Xitoy uzra ammiakning eng yuqori konsentratsiyasi aniqlangan. Manbaga ko‘ra, ammiak chiqindilarining asosiy sababi - chorvachilik va o‘g‘it ishlatish. 

Germaniyadagi Karlsrue texnologiya instituti olimlari 2002-2012 yillarda troposferaning turli qismlarida joylashgan yo‘ldoshlardan olingan ma'lumotlarni tahlil qilib chiqishdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, ular qishloq xo‘jalik korxonalari chiqindilari atmosferada aerozollar hosil bo‘lishida sezilarli rol o‘ynashi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishdi. 

Aerozollar bulutlar hajmi va ularning quyosh nurini qanday aks ettirishini o‘zgartirishi mumkin. Shu tariqa, ammiak chiqindilari nafaqat mahalliy ekotizimni ifloslantiradi, balki atmosferada joylashgan bulutlar harakati va yangilarining hosil bo‘lishiga ham ta'sir ko‘rsatadi. 

Olimlarning taxminlariga ko‘ra, troposferada aerozollarning yig‘ilishi sovutuvchi effektni hosil qilishi mumkin. Tadqiqotchilar olingan ma'lumotlar iqlimdagi o‘zgarishlar natijasida yuzaga kelgan muammolar yechimini izlashda aniq iqlimiy modellarni yaratishda yordam berishiga umid qilishmoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid