Sport | 21:32 / 16.12.2016
18400
4 daqiqa o‘qiladi

Mirjalol Qosimov «Bunyodkor»da?

«Bunyodkor» jamoasi bosh direktori Baxtiyor Boboyev jamoaning yorqin g‘alabalariga Mirjalol Qosimov juda katta hissa qo‘shgani haqida aytib o‘tdi.

«Mirjalol Qosimov klub qad rostlashi va yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritishiga juda katta hissa qo‘shgan mutaxassis. Klubimizni milliy terma jamoa bilan ishlayotgani bois tark etgandi. Biz Mirjalol Qo‘shoqovich bilan doimo do‘stona aloqadamiz. Ta'bir joiz bo‘lsa, bir oila vakillaridekmiz», — deb ta'kidladi Boboyev.

«Hozirgi kunda «Bunyodkor» jamoasida ishlayotgan murabbiylar shtabi faoliyatini davom ettirmoqda. Lekin bu sohaning o‘ziga xos qonun-qoidalari mavjud. Natija qanoatlantirmay qo‘ysa, avvalo, aynan murabbiylar almashtiriladi».

«Bunyodkor» klubi o‘z safida harakat qilgan barcha legioner futbolchilarga javob bergan.

«Mavsum davomida jamoamiz sharafini himoya qilgan barcha legionerlar bilan xayrlashdik. Afsuski, Aleksandar Alempiyevich va Minori Sato barqaror o‘yin namoyish eta olmadi», — degan Boboyev.

«Yuksak saviyadagi o‘yin ko‘rsatadigan legionerlar narxi juda ham baland. Klubimizning hozirgi moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqqan holda, superfutbolchilarni taklif eta olmaymiz».

Baxtiyor Boboyev, shuningdek, Moskvaga borib kelgan klub a'zosi Eldor Shomurodovning kelajagi borasida ham o‘z fikrini bildirdi:

«Ta'til paytida Moskvaga borgani uning shaxsiy ishi. Lekin klubimiz bilan shartnomasi mavjud. Shu boisdan boshqa klub bilan muzokara olib borishga haqi yo‘q. Agar hammamiz uchun manfaatli taklif paydo bo‘lsa, Shomurodovning kuchli chempionatda ishtirok etuvchi klubga o‘tishiga qarshilik qilmaymiz», — dedi Boboyev.

«Eldorning salohiyatini inobatga olgan holda muzokara olib borishga tayyormiz. Menga qolsa, Shomurodov Yevropaning futboli taraqqiy topgan jamoasiga o‘tgani maqsadga muvofiq. Hozircha «Bunyodkor»ga hech bir jamoa transfer borasida rasman taklif bilan chiqqanicha yo‘q. Yodingizda bo‘lsa, biz Sardor Rashidovga xaridorlar orasidan uning o‘zi tanlagan Qatar klubiga rozilik berganmiz».

Qayd etish kerak, Eldor Shomurodov Rossiyaning agentlik kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan bo‘lib, kompaniya futbolchiga yangi jamoa topish ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Avvalroq sog‘lig‘i tufayli operatsiya qilingan bosh murabbiy Sergey Lushchan klub bilan faoliyatini davom ettirmoqda. Mazkur mutaxassis boshqaruvida «Bunyodkor» ketma-ket ikki mavsumni 4-o‘rinda, yana birini esa 2-o‘rinda yakunladi. Chempionlar Ligasida esa biror marta ham guruh bosqichidan o‘ta olmadi.

Mirjalol Qosimov boshqaruvida «Bunyodkor» 4 marta O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan va ikki marta Chempionlar Ligasining yarim finaliga qadar yetib borgan. O‘zbekiston Kubogida esa uch bor zafar quchgan.

O‘tgan oyda Mirjalol Qosimov tez vaqt ichida Oliy Liga klublaridan birining bosh murabbiyi bo‘lishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid