Sport | 10:15 / 18.12.2016
4861
2 daqiqa o‘qiladi

Povetkin doping sababli bokschilik faoliyatini yakunlashi mumkin

Rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkin manfaatlarini bildiruvchi "Mir boksa" promouterlik kompaniyasi rahbari Andrey Ryabinskiy taniqli bokschi o‘z faoliyatini yakunlashi mumkinligini aytdi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.   

"Doping bilan bog‘liq vaziyat uning faoliyati yakunlanishiga olib kelishi mumkin. Agar u chetlatilsa, unda shunday bo‘ladi. Shuni aniq aytishim mumkinki, u dopingni ataylab qabul qilmagan, bunda jamoa aybi bo‘lishi ham mumkin. Ehtimol, shifokor tarkibida bu taqiqlangan modda bo‘lgan dori vositasini bergan bo‘lishi mumkin. Biz o‘z tergovimizni o‘tkazamiz. Istalgan holatda, men bo‘lgan voqea uchun uzr so‘ramoqchiman", deb aytgan Ryabinskiy.

17 dekabrda Povetkin Yekaterinburgda kanadalik Bermeyn Stivernga qarshi WBCning vaqtinchalik chempionlik kamari uchun jang o‘tkazishi kerak edi, biroq uning doping-namunasi ijobiy chiqqani sababli kanadalik jang o‘tkazishdan bosh tortgan. Biroq rossiyalik bokschi baribir ringga chiqib, Stivernning o‘rniga tushgan fransuz Yoan Dyuopni 6-raundda nokaut bilan yutgan. Biroq bu jangda hech qanday unvon o‘ynalmagan. 

Povetkinning doping-namunasida taqiqlangan anabolik steroid – ostarin aniqlangan. Povetkinning jazolanishi mumkinligi haqida rasmiy ma'lumot berilmagan.

Mavzuga oid