Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qasam molning bozorini chaqqon qiladi, ammo barakasini ketkizadi
Rostgo‘ylik va omonatdorlik - bu rizqqa baraka kirishining, turmush obod va farovon bo‘lishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) marhamat qiladilar: «Oldi-berdi qiluvchi ikki kishi (ya'ni sotuvchi va xaridor) to bir-birlaridan ajralmagunlaricha (molni olish yoki sotish borasida) ixtiyorga egadirlar. Agar ular rost so‘zlab, (molning holatini chiroyli) bayon qilsalar, savdolariga baraka beriladi. Bordiyu, bir-birlarini aldab, (molning aybini) berkitsalar, savdolarining barakasi o‘chiriladi» (Sahihayn).
Demak, tadbirkor, savdogar kishi rostgo‘ylikni o‘zining shioriga aylantirib olishi kerak ekan. Ana shunda uning rizqi va kasb qilib topgan narsalariga baraka ato qilinadi. Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday marhamat qilinadi:
التاجر الصدوق الأمين مع النبيين والصديقين والشهداء
«Rostgo‘y, omonatdor tijoratchi (jannatda) payg‘ambarlar, siddiqlar va shuhadolar bilan birga bo‘ladi» (Imom Termiziy rivoyati).
Bu hadisning ma'nosi barcha oldi-sotdi bilan shug‘ullanuvchilar, tadbirkorlar, kasb-hunar egalarini qamrab oladi. Darhaqiqat, tadbirkorlar, ishbilarmonlar va tijorat ahli kishilar bilan eng ko‘p muomalada bo‘ladigan toifa hisoblanadilar. Ular o‘z muomalalarida yolg‘on so‘zlash, noto‘g‘ri guvohlik berishdan o‘zlarini saqlashlari kerak. Zero, yolg‘on gapirish ayni gunohi kabiradir.
Sotuvchi molini maqtaganida, xaridorning esa uni yomonlashi, so‘ng sotuvchi molini maqtab, qasam ichishi makruh sanaladi. Agar uning qasami rost bo‘lmasa, bu ish haromga aylanadi. Tojir garchi so‘zi rost bo‘lsa ham, qasam ichishdan tiyilishi afzal. Negaki, qasam ichishga odatlanib qolish asta-sekin yolg‘ondan qasam ichishga ham olib boradi. Boz ustiga, Alloh taoloning muqaddas nomini molni o‘tkazish uchun bozor-o‘charlarda qasamlarga nishon qilishdan yuqori tutishimiz kerak. Ba'zilar o‘z mollarini haddan tashqari maqtab, qasamxo‘rlik qilishga o‘tadilar, mollarini tezroq sotish uchun hatto yolg‘ondan qasam ham ichadilar. Bu ishlar ehtimol zohirdan o‘sha molning bozorini chaqqon qilayotgandek ko‘rinsa ham, ammo barakasi ko‘tarilishiga olib keladi. Ustiga ustak, kishi gunoh ham orttirib oladi. Hadisi sharifda:
الحلف منفقة للسلعة ممحقة للبركة
«Qasam molning bozorini chaqqon qiladi, ammo barakasini ketkizadi», deyilgan (Imom Buxoriy, Muslim va Nasoiy rivoyatlari).
Tojir savdoda firibgarlikning, aldovning har qanday ko‘rinishidan uzoq bo‘lishi zarur. Birovga narsa sotayotganida aldam-qaldam aralashtirmasdan, insof va rostgo‘ylik bilan savdo qilishi lozim. Zero, firibgarlik, qalloblik odamlar o‘rtasiga nizo soladigan, sog‘lom jamiyat ildiziga bolta uradigan balodir. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) bunday illatdan qaytarib:
من غش فليس منا
«Kim firibgarlik qilsa, bas, u biz (ummatim)dan emas!» deganlar (Imom Muslim, Abu Dovud, Imom Termiziy, Ibn Moja rivoyati). Mazkur hadisning aytilishiga quyidagi voqea sabab bo‘ladi. Bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bozorda bir uyum yemish («yemish» deganda masalan, xurmo, mayiz, bug‘doy kabi narsalar iroda qilingan bo‘lishi mumkin) oldidan o‘tib qoladilar va o‘sha yegulik uyumiga qo‘llarini tiqadilar. Lekin barmoqlari ho‘l bo‘lib chiqadi va yegulik egasiga qarata: «Bu nimasi bo‘ldi, ey yemish sohibi?!» deya, nima uchun uyumning usti qup-qurug‘u, ichi esa ho‘lligining sababini surishtirdilar. Egasi «Yo Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam), yomg‘ir tegibdi», deya o‘zini oqlashga urindi. Shunda u zot: «U holda, (o‘sha ho‘lini) eng tepasiga qo‘ymaysanmi, boshqalarga ham ko‘rinar edi?!» deb savdogarga tanbeh berdilar. So‘ng: «Kim firibgarlik qilsa, bas, u bizdan emas!» deb ogohlantirdilar.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Mavzuga oid
00:37 / 22.06.2017
Qarz oluvchi ham, beruvchi ham Alloh taoloning roziligini niyat qilsin
22:08 / 01.02.2017
Yot g‘oyalarga qarshi kurashishning eng samarali usuli yoshlarni Islom ma'naviyati bilan emlashdir
21:26 / 23.01.2017
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tartibda namuna ekanliklari hayotiy misollarda
21:18 / 19.01.2017