Jahon | 13:16 / 01.01.2017
14117
2 daqiqa o‘qiladi

Finlyandiya Rossiyadan ajralib, mustaqil bo‘lganining 100 yilligini nishonlamoqda

1 yanvar kuni yuz mingdan ortiq kishi Xelsinki markazidagi konsert uchun to‘plandi. Bu yerda Finlyandiya mustaqilligining 100 yillik tantanalari nishonlandi. Shaharliklarni mamlakat bosh vaziri Yuxa Sipilya hamda 300ga yaqin artistlar tabriklashdi. Marosim yakunida Tyoyolyonlaxti bo‘g‘ozi ustida salyutlar otildi.

Bayram marosimlari Finlyandiyaning boshqa shaharlari hamda Rossiya hududida ham nishonlanmoqda. Mustaqillikning 100 yilligi bayramlari 6 dekabrga qadar davom etadi. 100 yil oldin shu kuni finlar parlamenti Rossiyadagi inqilob ortidan mustaqillik e'lon qilgandi.

Xelsinki meri Yussi Payunen «Suomi 100» loyihasi boshlanganini e'lon qilgan. U bayram muhiti uchun barchaga minnatdorchilik bildirgan. Asosiy bayram 6 dekabr kuni o‘tkaziladi. 

Xelsinki politsiyasi bayram boshlangan kunda «hech qanday jiddiy ko‘ngilsizlik» kuzatilmaganini ma'lum qilgan.

Rossiya Sovet Respublikasi Finlyandiyaning o‘z tarkibidan chiqishi 1917 yilning 31 dekabrida xalq komissarlari kengashi qarori asosida bo‘lganini tan olgan. Lekin finlar matbuoti shu vaqtgacha Rossiya Finlyandiyaga da'vo qilib chiqishidan xavfsirab turadi.

Vladimir Putin 30 dekabr kuni Finlyandiya prezidenti Sauli Niynistyo bilan telefon muloqoti o‘tkazgan va mustaqillikning yuz yillik bayramlari boshlangani bilan qutlab, bu bayramlarga tashrif buyurishdan xursand bo‘lishini bildirgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid