Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Finlyandiya prezidenti: Ukrainada tinchlik muzokaralari yil oxirigacha boshlanishi qiyin
Aleksander Stubb Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari 2025 yil oxirigacha boshlanishiga shubha bildirdi. Finlandiya prezidenti Yevroittifoqni va AQShni Moskvaga nisbatan harbiy bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
Finlandiya prezidenti Aleksander Stubbning fikricha, Ukrainadagi urushda otishmani to‘xtatishga 2026 yil bahorigacha erishish juda qiyin. «Men, kamida shu yilda, otishmani to‘xtatishga erishish yoki tinchlik muzokaralarini boshlash masalasida unchalik optimistik pozitsiyada emasman», — dedi Stubb 16 noyabr kuni e’lon qilingan AP agentligiga bergan intervyusida. U shuningdek, kelasi yil mart oyigacha «biror chora ko‘rish» imkoni bo‘lsa, bu yaxshi bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Finlandiya prezidenti otishmani to‘xtatish yo‘lida eng muhim, deb hisoblaydigan uch masalani sanab o‘tdi: Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari, uning iqtisodiyotini tiklash va hududiy da’volar bo‘yicha hech bo‘lmaganda qandaydir o‘zaro tushunishga erishish.
Ukrainada tinchlikka erishish uchun, Aleksandr Stubbning fikricha, AQSh prezidenti Donald Tramp va Yevropa liderlari Rossiyaga va uning prezidenti Vladimir Putinga nisbatan harbiy bosimni imkoni boricha kuchaytirishi kerak, shunda uning strategik fikrlashi o‘zgarishi mumkin. Finlandiya rahbari ta’kidlaganidek, Putinning maqsadlari to‘liq miqyosli urush boshlanganidan beri o‘zgarmagan: aslida, u hanuzgacha Ukrainani mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligidan mahrum qilishni istaydi.
Moskvaga harbiy bosim o‘tkazishdan tashqari, Stubb Yevropada muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlarini Ukrainani moliyalashtirishni ta’minlash uchun garov sifatida ishlatish tarafdori.
Aleksander Stubb AQShning Rossiya energetika kompaniyalari — «Lukoyl» va «Rosneft»ga nisbatan joriy etgan sanksiyalarini yuqori baholadi, biroq, prezidentning fikricha, Ukrainaning Rossiya «harbiy yoki mudofaa sanoati»ga zarba berish imkoniyati paydo bo‘lishi uchun yana ko‘proq ish qilish zarur.
Uning ta’kidlashicha, Ukrainadagi hozirgi korrupsiya mojarosi Rossiya manfaatiga xizmat qilmoqda, shu bois Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy barcha ayblovlar bo‘yicha tezda aniqlik kiritishi kerak. Ukraina tomonidagi ayrim xatolarni tan olgan bo‘lsa-da, Aleksandr Stubb Zelenskiyni maqtadi, deb qayd etadi AP. «Men uning ko‘plab harakatlariga hurmat bilan qarayman, chunki urush davrida mamlakatni boshqarish — bu ekzistensial masaladir», — deb tushuntirdi u.
Mavzuga oid
15:51
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
09:20
G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
22:31 / 16.06.2026
Zelenskiy Rossiyaga «dahshatli qish» bilan tahdid qildi
22:16 / 16.06.2026