O‘zbekiston | 16:16 / 03.01.2017
27306
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi yilda benzin narxi o‘zgarmadi

Foto: Kun.uz

2017 yilning 1 yanvarida transport vositalari uchun benzin va dizel yoqilg‘isiga iste'mol solig‘i 130 so‘mga qimmatlashdi (1 litri uchun 335 so‘mdan 465 so‘mga). Yangi soliq stavkalari (jismoniy shaxslardan avtomobil yoqilg‘isi uchun olinadigan soliq miqdori) O‘zbekiston prezidentining 2016 yil 27 dekabridagi qarori asosida o‘rnatilgan.

Soliq stavkalari o‘zgargan bo‘lsada, benzinning chakana narxi o‘zgarmasdan qoldi. «O‘zneftmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi «Gazeta.uz» nashriga izohlashicha, soliq benzinning oktabrda belgilangan yagona narxiga kiritilgan.

Shu bilan birga, yangilangan soliq stavkasi asosida dizel yoqilg‘isining 1 litri narxi 130 so‘mga oshgan (2245 so‘m o‘rniga 2375 so‘m).

Transport vositalari uchun suyultirilgan va siqilgan gaz iste'moliga soliq summasi o‘zgarmagan.

23 oktabrdan e'tiboran Ai-80 rusumli avtobenzin 1 litri 2 800 so‘m (+34,9 foiz), Ai-91, Ai-92 va Ai-93 rusumli avtobenzinlar 1 litri 3 000 so‘m (31,6 foiz), Ai-95 rusumli avtobenzinning 1 litri esa 3 300 so‘m (31,7 foiz) etib belgilangandi.

O‘zbekistonda benzin narxi 2014 yil yanvarida sezilarli darajada oshirilgandi (20 foizga). Shundan so‘ng narxlar 2015 va 2016 yillarda iste'mol solig‘i o‘zgarishi sababli biroz (tegishli ravishda 25 va 45 so‘m) ko‘tarildi.

2016 yilning 23 oktabrida esa O‘zbekistonda benzin narxi o‘rtacha uchdan biriga oshirilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid