Chiroqsiz qolayotgan shahrisabzliklar yoxud ikki qo‘ldan chiqqan qars
Shahrisabzda 4 dekabrdan boshlab elektr ta'minoti ancha yomonlashib qoldi. Tuman hududida esa bu holat bir-ikki oydan beri davom etmoqda. “Ancha yomonlashdi” degan sifatga aniqlik kiritadigan bo‘lsak, bu sutkasiga 20 soat chiroq yo‘q, 4 soat bor, degani. Xulosa chiqarishga shoshilmaymiz. Bu masalani imkon yetganicha ko‘rib chiqamiz.
Mutaxassis nima deydi?
Mana shu holat yuzasidan Qashqadaryo elektr ta'minoti korxonasining mutaxassisi bilan bog‘langanimizda (u negadir ismini aytishni ma'qul ko‘rmadi) bizga quyidagilarni tushuntirib berdi:
“O‘tgan yilning 29 dekabridan joriy yilning 2 yanvariga qadar butun Qashqadaryo bo‘ylab odamlarga bayram kayfiyati ulashish maqsadida elektr ta'minotida uzilish holati qayd etilmadi. Bunga yirik zavodlarni to‘xtatib turish va Amudaryodagi bloklarni ishga tushirish orqali erishildi. Ayni damda Sirdaryo va Tolimarjondagi bloklarda ish ketmoqda. Aynan Shahrisabz hududida 15-20 yanvar kunlariga qadar elektr ta'minoti yaxshilanadi.
Bundan tashqari, odamlarning fikricha, bayramda chiroq berib, qolgan kunlari o‘chirib qo‘yilar ekan. Bunday emas! Gap shundaki, har bir xonadonga ajratilgan limit bo‘ladi. Ular ana shu limitni elektr pechlari o‘rnatib, bir-ikki soatga yoqib qo‘yishyapti. Yoki elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalanganliklari tufayli o‘sha tuman yoki shahar hududidagi limitlarga jiddiy ziyon yetyapti. Natijada transformatorlarga ortiqcha yuk tushyapti. Aslida gap bunda ham emas. Muhtaram prezidentimizning yangi qaroriga muvofiq yaqin 5 yil ichida O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr ta'minoti yaxshilanadi”.
Odamlarga yuzlanamiz
Shahrisabzliklar bilan gaplashganimizda, o‘zini Sobir deb tanishtirgan kishi shunday deydi: “Ey ukam, gapirishga oson. Bir haftalik o‘tinning narxi 400 ming so‘m, u ham quruq shox-shabba. Mayli deb sotib olamiz. Ammo chiroq masalasi juda qiyin. Men bozorda sotuvchilik qilaman. Ishdan horib kelganimda, bir piyola choy ichib, dam olishni istayman. Ammo qop-qorong‘i uyda dam olib bo‘larmidi?..”.
Yana bir ayol aytadi: “Turmush o‘rtog‘im qattiq bir kasallikka chalinganlar. Uyda yosh bolalar bor. Shifokor turmush o‘rtog‘imni vaqtinchalik alohida xonada uxlasin, degan. U kishining xonasiga kichik hajmli elektr pechi o‘rnatib berganmiz. Chunki o‘tinli pech o‘rnatish imkoni yo‘q. Ammo chiroq bo‘lmagan qishli kunlarda, turmush o‘rtog‘imning tuni bilan yo‘talib chiqishi, odamning yuragini siqadi. Bizning xonamizga o‘tib yoting desam, unamaydilar. Nima qilishga ham hayron qolasan...”.
“Men uyimda kichik bir sex tashkil etganman. Javonlar, turli mebellar ishlab chiqaraman. To‘rtta ish o‘rni tashkil etilgan. O‘zim bilan hisoblaganda besh ro‘zg‘orning qora qozoni qaynab turibdi. Ammo uzoq vaqt chiroq bo‘lmagani sabab elektr energiyasi bilan ishlaydigan uskunalarim hech ishga yaroqsiz. Bu esa ishimga qattiq ta'sir ko‘rsatmoqda. Ishchilarimga ruxsat bermay, zarar ko‘rsamda, ularni olib yuribman. Axir shuncha vaqtdan buyon ham chiroq bo‘lmaydimi a? 20 soatlab chiroq bermaslikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.”.
Dono xalqimizda bir gap bor: “Qars ikki qo‘ldan chiqadi”. Rahbariyat xalqni, xalq rahbariyatni ayblashda davom etsa, u yurtda taraqqiyot bo‘ladimi? Olib borilayotgan islohotlar, o‘ylab chiqilgan va hayotga tatbiq etilayotgan g‘oyalar taqdiri xotinlarning “bor tovog‘im, kel tovog‘im”iga o‘xshab qolmaydimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mana bunday gaplari bilan gapimizga yakun yasamoqchimiz: “Xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini qaror toptirish bugungi kunda eng asosiy vazifamizga aylanishi shart. Biz barpo etayotgan huquqiy davlatda adolatsizlikning hech qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslik darkor. Negaki, odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi”.
Sarvar Anvar o‘g‘li
Mavzuga oid
08:54 / 12.09.2024
Shahrisabz aeroporti fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun o‘z faoliyatini tikladi
08:30 / 27.07.2024
Iste’molga yaroqsiz yog‘ mahsulotlarini ishlab chiqarish holati fosh etildi
15:10 / 25.07.2024
Toshkentda Lacetti’ning beton ustunga urilishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi
08:16 / 05.06.2024