O‘zbekiston | 01:57 / 08.01.2017
53247
4 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura faoliyati qaysi sohalarda oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi

Foto: Prokuratura.uz

2017 yilning 7 yanvarida prokuratura xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yetarlicha nazorat o‘rnatilmagan sohalar haqida so‘z yuritdi. 

"Onalik va bolalikni muhofaza qilish aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida ham yetarli nazorat o‘rnatilmagan. Oqibatda onalar o‘limi Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida, go‘daklar o‘limi esa Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida ko‘paygani kuzatilmoqda. Nima uchun bir go‘dakning o‘limidan keyin o‘sha viloyat prokurori jar solmaydi? Nimaga buning tagiga yetib borilmaydi? Kimning aybi bilan hayotdan ko‘z yumdi bular? Nima uchun shifokor o‘z vaqtida qaramagan? Shuning uchun hammasini yaxshilab o‘ylab yozinglar, hammasi uchun javob beradigan vaqt keldi. Bu barcha sohalarga tegishli!", - deya ta'kidladi davlatimiz rahbari. 

Shuningdek prokuratura idoralari tomonidan to‘lov intizomiga oid qonunlar ijrosi ustidan yetarli nazorat olib borilmayotganligiga ham e'tibor qaratildi. Buning oqibatida o‘tgan yili Toshkent shahri hamda Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlari debitor qarzdorlik darajasi oshgani davlatimiz rahbari tomonidan alohida ta'kidlandi. Buning oldini olish, sudgacha yetkazish va  nazorat qilish ishlariga befarq qaralganligiga ishora qilindi. 

Shu bilan birga yoqilg‘i va energetika resurslaridan oqilona foydalanish hamda kommunal xo‘jalik sohasida prokuror nazorati talab darajasida emasligi ta'kidlandi. Bu sohada ko‘plab qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligi aytildi. 

"Kommunal to‘lovlari sohasida umumiy qarzdorlik kun sayin o‘sib borayotgani va juda katta raqamlarni tashkil etayotgani hammamizni tashvishga solishi kerak", - dedi Sh. Mirziyoyev. Bunday holatlar ayniqsa, Toshkent, Jizzax, Andijon, Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida keskin oshib ketgani afsus bilan qayd etildi. Prokurorlar bu masalada ham javob berishi ta'kidlandi. 

Bundan tashqari, mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi qator kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi - yerdan noqonuniy foydalanish, uni talon-taroj qilish, uy-joy qurish va boshqa maqsadlarda foydalanishga asossiz yo‘l qo‘yib kelinganligiga e'tibor qaratildi. Misol tariqasida 7665 gektar yer maydonidan noqonuniy  foydalanib kelingani ko‘rsatildi. Albatta bu yerda boshqa idora vakillarining ham aybi borligi, lekin qonun ustuvorligi prokurorlar tomonidan ta'minlanishi kerakligi ta'kidlandi. 

Shularning barchasidan kelib chiqqan holda prokuratura organlari quyidagi dolzarb masalalarga alohida e'tiborni qaratishi shart ekanligi qayd etildi:

- ish haqi, pensiya va nafaqalarning kechiktirilishi, mehnat va ijtimoiy huquq buzilishiga murosasiz bo‘lish;

- elektr, tabiiy gaz va boshqa kommunal to‘lovlar qonuniyligi va asosliligi ustidan nazorat o‘rnatish;

- aholini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqni saqlash va bandlikni ta'minlash sohasida nazoratni kuchaytirish;

- alohida himoyaga muhtoj bo‘lgan, kam ta'minlangan va ko‘p bolali oilalarga nafaqa tayinlashda ijtimoiy adolat prinsipini ta'minlash.

Tas-IX

Mavzuga oid