Fotojamlanma: Erondagi chang‘i kurortlariga nazar
Ko‘pchilik Yaqin Sharqni jazirama sahrodek tasavvur qiladi, bu yerda qorli cho‘qqilar bo‘lishi mumkin emasdek go‘yo. Biroq aslida ular bor va tog‘ chang‘ilarida uchish - Livan, Turkiya, Isroil va Eron mamlakatlarida mashhur mashg‘ulot. Big Picture Eron qorli cho‘qqilarining fotojamlanmasi bilan bo‘lishdi.
Bolaligidan Alp tog‘larida chang‘ida uchib katta bo‘lgan milanlik suratkash Gayya Skurachi yozuvchi Lourens Kornet bilan birga Eron poytaxti shimolidagi tog‘-chang‘i kurortlariga yo‘l oldi. Suratkash ayol tog‘ yonbag‘irlari, mehmonxonalar, restoranlar va yon-atrofda Eron jamiyatiga yaqindan nazar solishga imkon beruvchi butun bir olamni ko‘rdi. "Chang‘ilar biz uchun ba'zi jarayonlarga yaqinlashish imkonini tug‘dirdi", - deb yozadi u. Natijada Eron hayotining ushbu bo‘lagi bilan tanishtiruvchi "Ski in Iran" ("Eronda chang‘ilar") nomli fotoloyiha paydo bo‘ldi.
"Men bolaligimdan Alp tog‘larida chang‘ida uchganman, Eron vodiylari bizning vodiylarga nisbatan chuqurroq. Tog‘ chang‘isi Eronda yangilik emas, u shoh davridayoq paydo bo‘lgan. Shoh qulatilganidan keyin inqilob natijasida ko‘plab radikal o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Tog‘-chang‘i sporti butkul yo‘q qilinmagan bo‘lsa-da, uning rivojlanishi sekinlashgan va u haligacha G‘arb ta'siridek qabul qilinadi. Bu joylarda yuqorida turganingda o‘zing qo‘nim topgan uydan boshqa inshootni ko‘rish qiyin masala, nigohingiz boshqa hech narsaga chalg‘imay, tog‘ yonbag‘irlarining o‘ziga qadaladi. Inshootlar tuzilmasi ko‘pincha Yevropaning iste'moldan chiqqan materiallari hisobiga barpo etiladi, shu bois ular eskicha ko‘rinadi. Men o‘zimni xuddi 20 yil avvalgi o‘tmishga tushib qolgandek his qildim. Bu yerda rejim ta'siri shaharga qaraganda kamroq seziladi, lekin atrofda politsiya kiyimida yoki oddiy fuqarolardek kiyingan kuzatuvchilar bor. Chang‘i uchish qoidalari G‘arbdagidan u qadar farq qilmaydi, biroq ayollar uchun ba'zi qo‘shimcha cheklovlar bor".
"Ayollarning chang‘i uchadigan kurtkalari uzunroq bo‘lishi, bosh esa yopilgan bo‘lishi kerak, ro‘moldan ko‘ra qalpoq kiygan ayollar ko‘p uchrasa-da, ba'zan sochining muayyan qismi ko‘rinib turadigan ayollar ham uchrab turadi".
"Lourens tog‘-chang‘i kurortida mijozlar shariat qonuniga rioya qilishlari kerakligini eslatib turuvchi eslatmalar borligiga e'tibor qaratdi. Bu yerda jamoat joylaridagi oqshomlar erta tugardi va hamma yoqda jimlik hukmron edi. Bar va restoranlarda spirtli ichimliklar yo‘q, Eronda omma oldida raqsga tushish taqiqlangan, yopiq eshiklar ortida esa hayot qaynaydi".
"Biz xorijda o‘quvchi yoki ishlovchi, ta'tilda uyga, mahalliy yoshlar, konservativ oila davrasiga qaytuvchi eronlik ekspatlar va bir necha yevropalik sayyohlar bilan ko‘rishdik. Masalan, biz suhbatlashgan bir qiz Los-Anjyelesda iqtisodchi bo‘lish uchun o‘qir ekan, Shimoliy Yevropadan kelgan aka-uka qishki sport turiga bo‘lgan muhabbati tufayli shu yerga tashrif buyurgan, bir necha xorijliklar esa ta'tilda eronlik do‘stlarining yoniga kelganliklari ma'lum bo‘ldi. Lourens shuningdek shveysariyalik chang‘isevarlar va snoubordchilar bilan suhbatlashdi, ular mahalliy aholiga fristaylni o‘rgatish uchun "Biz Eronda uchamiz" nomi ostidagi tashkilotga asos solishgan ekan".
"Eronda tog‘-chang‘i abonementi va ijara bahosi Yevropadagidan past, biroq eronliklar uchun bu yetarli darajada qimmat narxlar hisoblanadi".
"Mamlakatning boshqa hududlarida yana bir necha kurortlar bor. Biz o‘z diqqatmizni Tehron yaqinidagi kurortlarga qaratdik".
"Barcha kurortlar Tehrondan ko‘pi bilan ikki soatlik masofada joylashgan bo‘lib, ulardan eng yaqini - Tochal. U yerga 45 daqiqada ochiq funikulerda ham yetib olsa bo‘ladi. Biroq u joylashuviga ko‘ra, shu qadar balanddaki, ba'zan bunday balandlikdan sayyohlarning ko‘ngli behuzur bo‘ladi. Nisbatan yoshroq snoubordchi va fristaylerlar guruhining uchrashuv joyi hisoblangan Dizinda hamda Osiyodagi eng baland vulqon, Damavand tog‘lari ko‘rinib turuvchi Darbandsar kurortida bo‘ldik".
"Biz Darbandsar yaqinidagi yana bir taniqli maskan - Shemshakka ham bajonidil borib kelardik, biroq yo‘llarni qor bosib qolgani tufayli u yergacha yetib bora olmadik".
Mavzuga oid
19:58
Eron uranni boyituvchi ilg‘or sentrifugalardan foydalanishni boshlaganini e’lon qildi
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
08:39 / 22.11.2024
AEXA rahbari Eron yadro dasturi bo‘yicha hisobot tayyorlaydi
23:14 / 19.11.2024