O‘zbekiston | 10:20 / 16.01.2017
166321
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident Rustam Azimovni tanqid qildi

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va bir qator sohalardagi kamchiliklarga diqqatni qaratdi.

Jumladan, Prezident O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksining rahbari Azimov Rustam Sodiqovichning faoliyatidagi kamchiliklarni sanab o‘tdi.

“Kadrlar bilan ishlash holatini ham tanqidiy tahlil qilish zarur. O‘ylaymanki, moliya organlarining butun tizimidagi rahbar va xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish kerak. 

Haqiqiy fakt shundan iboratki, agar R.Azimovda ana shu jiddiy kamchilik va muammolarni ko‘rish xohishi bo‘lganida, ularni keskin bartaraf etish bo‘yicha u zarur tashabbus ko‘rsatganida, biz bugun iqtisodiy va moliyaviy sohalarda bundan ham yuqoriroq natijalarga erishgan bo‘lar edik. 

Takror aytaman, faqatgina «g‘alaba raportlari» bilan, shuningdek, muammolarga umuman aloqasi yo‘q, o‘z orzu-istagidagi mavhum narsalarni haqiqat deb ko‘rsatadigan shaxslar tomonidan tayyorlangan axborotnomalar bilan cheklanib qolish mumkin emas. 

Haqiqat esa xizmat vazifangizga ko‘ra siz shaxsan javob beradigan quyidagi jiddiy muammolarda o‘z aksini topgan. 

Birinchi – iqtisodiyot o‘sishining yuqori sur'atlari va investitsiya resurslariga o‘sib borayotgan talabni qanoatlantirish bir-biriga muvofiq emas. 

Ikkinchi – naqd va naqdsiz shakldagi hisob-kitoblarda farq mavjudligi. 

Uchinchi – hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjyetlarning mablag‘lari yetarli emasligi. Siz bu ochiq-oydin faktlarni inkor qilmaysiz, deb o‘ylayman. Sizdan real takliflarni kutaman. 

Makroiqtisodiyot kompleksi tarkibiga kiruvchi boshqaruv organlarining samarali ishlashi va ularga rahbarlik qilish talab darajasida ta'minlanmayapti. Shu munosabat bilan shaxsan sizga quyidagilar topshiriladi: 

birinchi – Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi o‘zining vazifa va funksiyalarini samarali va to‘liq hajmda bajaryaptimi? Uning rahbarlari E.G‘aniyev va Sh.To‘laganov-chi? Bu – prinsipial savol. Ushbu vazirlikning 163 ta mutaxassis ishlayotgan markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari nima bilan mashg‘ul? 

Bosh vazirga 10 kun ichida allaqachon hal etish vaqti kelgan ushbu savollar bo‘yicha takliflar kiritish yuklanadi; 

ikkinchi – Mehnat vazirligi va uning rahbari A.Abduhakimov faoliyati samaradorligini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. 

Yurtimizda yiliga 1,5 million odamni ishga joylashtirishga ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘tgan yili Bandlikka ko‘maklashish markazlari atigi 248 ming kishini yoki 16,5 foizini ishga joylashtirgan. Buning asosiy sabablari ish faoliyatidagi eskirgan shakl va usullar hamda bandlik muammolarini hal etishdagi rasmiyatchilik bilan bog‘liq. 

Ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha uch tomonlama shartnomalarni amalga oshirish borasida ko‘plab qo‘shib yozish holatlari bartaraf etilmagan. 

Ana shu muammolarga barham berish butun Makroiqtisodiyot kompleksi va shaxsan mehnat vazirining birinchi darajali vazifasiga aylanishi kerak. 

Sizga, Rustam Sodiqovich, 15 kun muddatda ushbu ishga barcha iqtisodiy va moliyaviy organlar, bank muassasalari va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazining hududiy bo‘linmalari xodimlarini, shuningdek, barcha bo‘g‘indagi hokimlar o‘rinbosarlarini jalb etishni nazarda tutadigan, prinsipial jihatdan yangi, ta'sirchan mexanizmni joriy etish yuzasidan aniq takliflar kiritishni topshiraman”, - dedi Prezident. 

Mavzuga oid