Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lola Karimova-Tillyayeva navbatdagi xayriya tadbiri haqida ma'lum qildi
“Sen Yolg’iz Emassan” Fondi hamda Fransiyaning “Umid rishtalari” shifokorlar uyushmasi tomonidan 10 –17 yanvar kunlari amalga oshirilgan navbatdagi xayriya tadbiri doirasida yurak nuqsonlari bilan tug‘ilgan 12ta bolaga jarrohlik operatsiyasi amalga oshirilib, 45ta bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Bu haqda Fond asoschisi Lola Karimova-Tillyayeva Facebook’dagi sahifasida ma'lum qildi.
“Mazkur aksiya ota-ona qaramog‘isiz qolgan, kam ta'minlangan oiladan bo‘lgan turli yurak nuqsonlariga ega bolalarga kardiojarrohlik yordamini amalga oshirish maqsadida amalga oshirib kelinmoqda.
Operatsiyalarni fransiyalik shifokorlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda Toshkent shahridagi V.Vohidov nomidagi Respublika jarrohlik markazida amalga oshirdilar. Hozirda, operatsiyadan so‘ng, bolalar shifokorlar nazorati ostidalar.
Ushbu xayriya tadbiri zamonaviy bolalar kardiojarroxligi va kardioreanimatsiya sohasida fransiyalik va o‘zbekistonlik shifokorlarning malaka almashinuviga yaxshi imkoniyat yaratadi. Fransiyalik shifokorlar diagnostika, davolash va reanimatsiya sohalaridagi yangi usullarni qo‘llash borasida o‘z bilim va malakalari bilan o‘rtoqlashmoqdalar.
“Umid rishtalari” uyushmasi shifokorlari mazkur xayriya tadbiri doirasida Toshkentga 5-chi marotaba tashrif buyurishlari. Avval ular O‘zbekistonga 2015 yilning iyul va dekabrida hamda 2016 yilning aprel va sentabr oylarida tashrif buyurgan edilar.
O‘tgan yilning may va noyabr oylarida esa o‘ta og‘ir yurak nuqsonlariga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik bolalar Fondimiz tomonidan Fransiyaning Nante shahridagi pediatriya klinikasiga yuborilib jarrohlik amaliyotidan o‘tib kelgan edilar. Fondimiz va fransuz uyushmasi hamkorligi mobaynida ja'mi 35 nafar o‘zbekistonlik bolaga murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarildi.
“Sen Yolg'iz Emassan” Fondining moliyaviy yordami bilan 2016 yilning mart oyida Respublika jarrohlik markazining shifokorlari neonatal kardiojarrohlik sohasidagi bilim va malakalarini oshirish maqsadida Fransiyaga yuborilgan edilar.
Biz bolajonlarga tuzalib, o‘z yaqinlari yoniga tez orada sog‘-salomat qaytishlarini tilab qolamiz.
Fondimizning “Umid rishtalari” uyushmasi va Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi bilan hamkorlikdagi sa'y-harakatlari O‘zbekistonda bolalar kardiojarroxligini rivojlantirishga va tug‘ma yurak nuqsonlariga ega bo‘lgan ko‘pgina bolajonlarning hayotini saqlab qolishga o‘z hissasini qo‘shadi deb umid qilaman”, - deb yozgan Lola Karimova-Tillyayeva.