O‘zbekiston | 17:32 / 17.01.2017
16657
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda innovatsion texnoparklar tashkil etiladi

Toshkent shahrining Yashnobod va Olmazor tumanlarida maxsus innovatsion texnoparklarni yaratish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining “Toshkent shahrining Yashnobod va Olmazor tumanlarida innovatsion texnoparklarni yaratish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida muhokama uchun taqdim etildi.

Farmon loyihasiga ko‘ra, innovatsion texnoparklar quyidagi sohalarda tadqiqotlar o‘tkazish va kichik innovatsion ishlab chiqarishlarni yaratish uchun tashkil etilmoqda:

•  materialshunoslik, elektron asboblar va kontrollerlar, oziq-ovqat va biologik faol qo‘shimchalar, dori vositalari – Toshkent shahrining Yashnobod tumanida;
•  metallarni qayta ishlash texnologiyalari, energotejamkorlik, muqobil energiya manbalari va elekron o‘lchash asboblari, mashinasozlik, elektronika – Toshkentning shahrining Olmazor tumanida.

Toshkent shahrining Yashnobod va Olmazor tumanlaridagi innovatsion texnoparklarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: 

•  innovatsion tadqiqotlarni o‘tkazish, birinchi tajribaviy-sanoat va kichik innovatsion korxonalarni yuqori texnologiyali, ichki va tashqi bozorda talabgir, raqobatbardosh mahsulotni ishlab chiqarish maqsadida tashkil etish; 
•  xorijiy va mahalliy zamonaviy texnologiyalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tatbiq etish orqali transferi, bu maqsadlarga yuqori texnologiyali va innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etishga imkoni bor mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish;
•  oliy o‘quv muassasalari, fanlar Akademiyasi va ishlab chiqarish yaqin hamkorligini ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalar samaradorligini oshirish maqsadida ta'minlash, ularning ishlashi uchun ijobiy sharoitlarni yaratish, bunga yuqori malakali mutaxassislar, amaliyotchilar, shuningdek talabalarni jalb qilish;
•  innovatsion tadqiqotlar va ishlanmalar natijalarini mahalliy korxonalar faoliyatidagi amaliyotga keng tatbiq etish.

Innovatsion texnoparklar hududida joylashtirilgan kichik innovatsion ishlab chiqarishlar Ma'muriy kengash qaroriga ko‘ra, 10 yillik muddatga uning ishtirokchisi maqomini oladi.

Farmon loyihasiga ko‘ra, ilmiy ishlanmalar va tadqiqotlar davlat byudjyeti, innovatsion tadqiqotlar buyurtmachilari mablag‘lari, xorijiy grantlar va texnik ko‘mak mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

Boshlang‘ich, tajribaviy-sanoat ishlanmalari – innovatsion mahsulot buyurtmachilari mablag‘i hisobiga moliyalashtiriladi.

Kichik innovatsion korxonalar buyurtmachi-korxonalar, investorlar mablag‘lari, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobiga moliyalashtiriladi. 

O‘zbekiston rahbari tijorat banklariga kichik innovatsion loyihalarga 7 yildan kam bo‘lmagan muddatga imtiyozli kredit ajratishni tavsiya qilishni rejalashtirmoqda. U 2 yillik (24 oy) imtiyozli davrga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan foiz stavkasiga ega bo‘ladi.

Innovatsion texnoparkning bunday loyihalar ishtirokchilari bir qator soliq va majburiy to‘lovlardan, shuningdek uskuna, xomashyo, materiallar va hokazo importidagi bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid