O‘zbekiston | 12:28 / 21.01.2017
33129
16 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganiga 25 yil to‘ldi

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat ahamiyatiga molik vazifa etib belgilandi. O‘zbekiston sporti milliy madaniyatimizning uzviy qismi hisoblanib, u keng xalq ommasini yuksak axloqiy ruhda tarbiyalashda va salomatligini mustahkamlashda muhim vositalardan biri bo‘lib qoldi. 

Xalqaro maydonda tarixan qisqa davr ichida obro‘ orttirishga ulgurgan mustaqil O‘zbekiston dunyoga nafaqat qadimiy madaniyat, buyuk mutafakkirlar, olimlar, shoir va sarkardalar tuhfa etgan yurt, balki xalqaro sport olamida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan davlat sifatida ham tanildi. Hozir bemalol aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston sport sohasida yirik davlatga aylanib, boshqa mamlakatlarga ko‘plab yillar kerak bo‘lgan yo‘lni tarixan qisqa muddat ichida bosib o‘tdi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining chorak asrlik faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz ko‘pgina tarixiy yutuqlar ko‘z oldimizda gavlanadi. Mamlakatimizda Milliy olimpiya qo‘mitasi 1992 yil 21 yanvarda, ya'ni bundan roppa-rosa 25 yil muqaddam tashkil etilgan bo‘lib, 1993 yil sentabr oyida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining 101-sessiyasida rasman tan olingan. So‘ngra mamlakatimiz sport delegatsiyasi mustaqil O‘zbekiston nomidan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqalari Olimpiya hamda Osiyo o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. 

O‘zbekiston delegatsiyasi mustaqil jamoa sifatida birinchi marta 1994-yilda Norvegiyaning Lillixammer shahrida o‘tkazilgan XVII qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan va ilk urinishdayoq hamyurtimiz Lina Cheryazova fristayl sport turi bo‘yicha barcha raqiblarini ortda qoldirib, Olimpiya o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘lgan. Ushbu sovrin mustaqil O‘zbekiston tarixidan Olimpiya o‘yinlarining birinchi oltin medali sifatida joy olgan.  

Oradan ikki yil o‘tib sportchilarimiz yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroklarini ham boshlab berishadi va 1996-yilda AQShning Atlanta shahrida tashkil etilgan XXVI yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi endi ikkita medalga sazovor bo‘ladi. Armen Bagdasarov dzyudo bo‘yicha kumush, Karim To‘laganov esa boks bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritishadi. 

O‘zbekistonning sport sohasidagi islohotlari va bu boradagi tajribasi jahonda e'tirof etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga hamda Xalqaro olimpiya harakatiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 1996 yilda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining oliy mukofoti – Olimpiya Oltin ordeni bilan taqdirlanadi. 

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan 1996 yilda Toshkent shahrida «Olimpiya shon-shuhrati» muzeyi tashkil etilib, uning ochilish marosimida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining Prezidenti Xuan Antonio Samaranch ishtirok etadi. Umuman olganda Samaranch Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga rahbarlik qilgan paytda Toshkentga uch marotaba tashrif buyuradi. U dastlab Lillixammerdagi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng, keyinchalik poytaxtimizda I Markaziy Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishi munosabati bilan va nihoyat «Olimpiya shon-shuhrati» muzeyining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun mamlakatimizga yetib keladi. 

O‘zbekistonlik sportchilar navbatdagi Olimpiya o‘yinlarida ham muvaffaqiyatli odimlashni davom ettirishadi. 2000 yilda Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan XXVII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Andijon boks maktabi tarbiyalanuvchisi Muhammadqodir Abdullayev o‘zbek yigitlari orasida birinchi bo‘lib Olimpiya o‘yinlari chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ladi. 

Shuningdek, erkin kurash bo‘yicha bellashuvlarda Artur Taymazov kumush, Sergey Mixaylov va Rustam Saidovlar esa boks bo‘yicha musobaqalarda terma jamoamiz xisobiga bronza medallarini qo‘shib qo‘yishadi. O‘zbekiston delegatsiyasi umumjamoa hisobida 199 ta davlat vakillari orasida 42-o‘rinni egallaydi.

2004-yilda jahonning to‘rt yillikdagi eng yirik sport festivali Olimpiya o‘yinlari vatani sanalgan Gretsiyaning Afina shahrida tashkil etiladi. Bu safar mamlakatimiz sportchilari bir yo‘la ikkita oltin medalga ega chiqishadi. Erkin kurashda Artur Taymazov, yunon-rum kurashida Aleksandr Dokturishvili Olimpiya o‘yinlari chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan bo‘lsalar, Magomed Ibragimov erkin kurashda kumush medalini qo‘lga kiritadi. O‘tkirbek Xaydarov va Bahodir Sultonovlar esa boks bo‘yicha bronza medallari bilan taqdirlanishadi. 

Mamlakatimiz delegatsiyasi bu safar 202 ta davlat orasida 34-o‘rinni band etadi. Hisob bo‘yicha XXIX yozgi Olimpiya o‘yinlari Xitoy poytaxti Pekin shahrida tashkil etiladi. Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan jami oltita medal qo‘lga kiritiladi. Artur Taymazov o‘z shaxsiy kolleksiyasiga Olimpiya o‘yinlarining yana bir oltin medalini qo‘shib qo‘ygan bo‘lsa, erkin kurashda Soslan Tigiyev, dzyudoda esa Abdullo Tangriyev kumush medali bilan taqdirlanishadi. 

O‘z navbatida yana bir dzyudochimiz Rishod Sobirov bronza medaliga sazovor bo‘ladi. Quvonarli jihati, aynan Pekin Olimpiadasiga kelib gimnastikachilarimiz ham dastlabki medallarni qo‘lga kiritishadi. Chunki, shu paytga qadar asosan boks va sport kurashlari bo‘yicha terma jamoamiz a'zolari Olimpiya o‘yinlari medallariga ega chiqishgan bo‘lishsa, bu safar Yekaterina Xilko trampolinda, Anton Fokin esa sport gimnastikasida bronza medaliga sazovor bo‘lishadi. Delegatsiyamiz Pekin Olimpiadasini 202 davlat orasida 40-o‘rinda yakunlaydi. 

Yubiley - XXX yozgi Olimpiya o‘yinlariga Buyuk Britaniya poytaxti London shahri mezbonlik qiladi. Mazkur musobaqada terma jamoamiz delegatsiyasi biroz kamtarroq natija qayd etib, bor yo‘g‘i uchta medal bilan qaytadi. Artur Taymazov uchinchi marta jahonning tengsiz polvoni ekanligini isbotlab, Olimpiya o‘yinlarining uchinchi oltin medalini qo‘lga kiritadi va ushbu natijasi evaziga xaqli ravishda dunyoning buyuk polvonlari orasidan joy oladi. 

Dzyudochimiz Rishod Sobirov bu safar ham bronza medali bilan cheklanadi. Bokschimiz Abbos Atoyevga ham Olimpiya o‘yinlarining bronza medali nasib etadi. O‘zbekiston delegatsiyasi 204 davlat orasida umumjamoa hisobida 47-o‘rinni egallaydi. 

Aytish kerakki, aynan London Olimpiadasidagi natijalar yurtimizda butun sport jamoatchiligi, olimpiya harakati ishtirokchilarini yangi g‘alabalar sari chorladi. Chunki o‘sha musobaqada delegatsiyamiz aslo o‘ziga munosib bo‘lmagan o‘rinni egallagandi. Bo‘lajak Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish yo‘lida eng avvalo davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston sportchilarini 2016 yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga munosib tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, mamlakatimiz sportchilari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. 

2013 yil 25 fevralda e'lon qilingan mazkur qaror yakunda juda katta ahamiyat kasb etdi va “Rio-2016” Olimpiadasining o‘zbek sporti tarihiga oltin harflar bilan bitilishiga asosiy turtki bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Braziliyadagi XXXI yozgi Olimpiya hamda XV Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar qayd etgan natijalar butun dunyoni hayratga soldi. 

Olimpiya o‘yinlarida birinchi marta yurtimiz vakillari bir yo‘la to‘rtta oltin medalga sazovor bo‘lishdi. Ilk bor O‘zbekiston terma jamoasi tomonidan jami 13 ta medal qo‘lga kiritildi. Birinchi marta og‘ir atletikachimiz Ruslan Nurudinov Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritish bilan birgalikda o‘zbek sportchilari orasida ilk marotaba Olimpiya o‘yinlarining rekordini yangiladi.

Shuningdek, birinchi marta boks bo‘yicha terma jamoamiz umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bokschilarimizdan Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov va Fazliddin G‘oyibnazarov va aytib o‘tganimizdek og‘ir atletikachimiz Ruslan Nurudinov Olimpiya o‘yinlari chempionligini tantana qilishdi. Yana ikki nafar bokschimiz Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyev delegatsiyamiz hisobiga kumush medallarini qo‘shib qo‘yishdi. Charm qo‘lqop ustalaridan shuningdek, Rustam To‘laganov va Murodjon Ahmadaliyev, dzyudochilarimiz Diyorbek O‘rozboyev va Rishod Sobirov, sport kurashlari vakillari Ixtiyor Navro‘zov, Magomed Ibragimov va Elmurat Tasmuradovlar bronza medallari bilan taqdirlanishdi. O‘zbekiston delegatsiyasi 207 davlat orasida 21-o‘rinni egalladi. 

XV Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sportchilari tomonidan qayd etilgan natijalar esa bu hayratni ikki hissa oshirdi. O‘ttiz ikkita sportchi bilan ishtirok etgan delegatsiyamiz yakunda o‘ttiz bitta medalni qo‘lga kiritishi chindan ham butun dunyo sport jamoatchiligini lol qoldira oldi. 

Albatta bu natijalarga o‘z o‘zidan erishilgani yo‘q. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi o‘tgan qisqa vaqt ichida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Osiyo olimpiya kengashi, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi va qator xalqaro sport federatsiyalari hamda tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi. 

Birgina 2013-2016 yillarda mamlakatimizga Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad al-Fahd al-Saboh, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining rahbari Dato Abu Zaynal Abu Zarin, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Tomash Ayan, Xalqaro sport kurashlari uyushmasi prezidenti Nenad Lalovich, Xalqaro havaskor bokschilar federatsiyasi prezidenti Ching Ku Vu, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Alisher Usmanov hamda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Frederix Petrushka, Xalqaro futbol federatsiyalar Assotsiatsiyasining sobiq prezidenti Yozef Blatter, Butunjahon muaytay kengashi rahbari Chetta Tanajaro, Osiyo taekvondo ittifoqi prezidenti Kyu Sok Li, Xalqaro yengil atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Sergey Bubka, Xalqaro gimnastika federatsiyasi rais o‘rinbosari Irina Vinner kabi qator xalqaro sport tashkilotlarining rahbarlari tashrif buyurib, O‘zbekistonda olimpiya harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarga yuqori baho berdilar. 

Poytaxtimizda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosi qad rostladi. Bu yerda O‘zbekiston sportchilarini tibbiy-biologik xizmat va sport psixologiyasi bilan ta'minlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etildi. Markazga eng zamonaviy tibbiy uskunalar o‘rnatildi. Markaziy Osiyoda yagona sanalgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining tashkil etilishi sportchilarimizni nufuzli musobaqalarga puxta tayyorlash, ularning bor imkoniyat va salohiyatlarini ochib berishga ko‘maklashish masalasida juda katta turtki bo‘ldi. Buni so‘nggi natijalar ham ko‘rsatib turibdi. 

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosiga tashrif buyurar ekan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax “O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining binosi dunyoda tengsiz, bunday sport saroyi men bilgan Milliy olimpiya qo‘mitalari binolari orasida eng muhtashami” deya ta'rif berdi. 

Shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari va murabbiylariga stipendiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchi va ularning ustozlari har oyda rag‘batlantirib borilmoqda.

2013 yil 2 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi O‘zbekiston olimpiadachilarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Fondning asosiy maqsadi etib O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalarini, respublika sport federatsiyalarini va assotsiatsiyalarini xalqaro va respublika sport tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rishlari va ularda ishtirok etishlariga ko‘maklashish va rag‘batlantirish deb belgilandi. Sportimiz faxriylari, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan terma jamoalar maslahatchi murabbiylarining oylik maoshlari ham hozirda aynan ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanmoqda. 

Aslida chorak asr tarix oldida hech narsa emas. Ammo ortda qolgan ana shu 25 yillik davr mobaynida yurtimizda sport taraqqiyoti va olimpizm g‘oyalarini ilgari surish borasida qilingan ulkan hajmdagi ishlar bugun mustaqil diyorimizni qudratli sport mamlakatiga aylantira oldi. Ha, bugun O‘zbekiston dunyo sport sahnasida o‘z o‘rniga, obro‘siga ega mamlakatga aylandi. Endi jahoning mana-man degan polvonlari ham o‘zbek sportchilari bilan hisoblashishga majbur, bizni tan olishdi, bizni xurmat qilishmoqda. Bizdan hayiqishmoqda. Endi shak-shubha yo‘qki O‘zbekiston terma jamoasi a'zolariga qarshi har qaysi mamlakat vakillari alohida tayyorgarlik ko‘rishadi. Bunga ularni biz majbur etdik. 

Yuqorida keltirilgan barcha amaliy ishlar bevosita shaxsan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning umumiy rahbarligi ostida, shuningdek amaldagi Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida bir qator Vazirlik hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganligining 25 yilligi munosabati bilan bizni har jihatdan qo‘llab- quvvatlab kelayotgan, barcha zarur sharoitni yaratib berayotgan davlatimiz va Hukumatimiz rahbarlariga va shaxsan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga, shuningdek biz bilan hamkorlik qilib kelayotgan Madaniyat va sport ishlari vazirligi, sport federatsiyalari va homiy tashkilotlarga minnatdorchilik izhor etamiz. 

Ortda qolgan davr mobaynida Milliy olimpiya qo‘mitasiga Obid Nazirov, Sobir Ro‘ziyev, Aziz Nosirov, Rustam Qurbonov, Malik Babayev va Mirabror Usmanovlar rahbarlik qilishdi. Qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat va g‘alabalarda ularning hissalari katta. Ayniqsa so‘nggi olimpiya sikli 2013-2016 yillarda yurtimizda olib borilgan ulkan hajmdagi ishlar, olimpiya sport turlariga mustahkam poydevor yaratilishi, moddiy-texnik bazalarini mustahkamlash va buning natijasi o‘laroq Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yorqin va tarixiy g‘alabalarda Mirabror Zufarovich Usmanovning hamda u bilan yelkama-yelka xizmat qilgan Milliy olimpiya qo‘mitasi mutaxassislarining xizmatlari beqiyosdir. 

Shunday ekan, bugun ularga butun olimpiya harakati ishtirokchilari va mamlakatimiz olimpiya oilasi nomidan tashakkur izhor etamiz. Yaqindagina Bosh Assambleya yig‘ilishida Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti etib Alisher Sultanov saylandi. Umid qilamizki, Alisher Saidabbasovich rahbarligida yutuqlarimiz yanada salmoqli, g‘alabalarimiz bundan-da bardavom bo‘ladi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

 

Mavzuga oid