Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya bosh vaziriga tabrik maktubi yo‘lladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abega tabrik maktubi yo‘lladi.
Tabrik maktubida mamlakatlar o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda salmoqli yutuqlarga erishilgani tilga olingan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Yaponiya bilan samimiy do‘stlik aloqalarini, strategik sheriklik va hamkorlikni yuksak qadrlashini aytib o‘tgan.
“Sizning 2015 yil oktabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifingiz O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlari tarixida muhim voqea bo‘ldi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy, texnologik, ilmiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarimizni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
25 yillik hamkorligimiz davomida munosabatlarimizning mustahkam huquqiy bazasi yaratildi. Bu borada 2002 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasida do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot muhim o‘rin tutadi. Sizning O‘zbekistonga tashrifingiz davomida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot o‘zaro munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tardi, mamlakatlarimiz o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini namoyon etdi”, deyiladi mazkur tabrik maktubida.
Maktubda, o‘z navbatida, har ikki tomon xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ko‘plab dolzarb muammolarga nisbatan o‘xshash qarashlar va yondashuvlarga egaligi, O‘zbekiston o‘tgan yillarda hamkorlikning samarali mexanizmlari yaratilgani haqida so‘z boradi.
“Parlamentlararo forum, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishlari, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar, "Markaziy Osiyo + Yaponiya" muloqoti, Akademik forum va boshqa ko‘plab hamkorlik institutlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning izchil va bosqichma-bosqich rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Bugun O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida Yaponiya bizning eng muhim va ustuvor sheriklarimizdan biridir.
Yaponiyalik hamkorlarimizdan ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdormiz, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va samarali hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari maktubda madaniyat va ilm-fan sohalaridagi aloqalar haqida ham so‘z boradi.
“Ayniqsa, 2016 yil avgust oyida rafiqangiz Akie Abe xonim boshchiligida Yaponiya ijtimoiy-siyosiy va madaniyat namoyandalaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi bu boradagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Ta'lim sohasida hamkorligimiz yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida qayd etishni istardim. Yaponiya tomonidan bu borada ko‘rsatilayotgan ko‘makni yuksak qadrlaymiz hamda O‘zbekiston – Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining to‘liq faoliyat ko‘rsatishi yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasida birgalikdagi harakatlarimizga qo‘shimcha sur'at baxsh etishiga umid bog‘laymiz.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Yaponiya bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish va kengaytirishning tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlamoqchiman. Biz strategik sheriklik munosabatlarimizni sifat jihatdan mustahkamlash va yangi amaliy mazmun bilan boyitishga intilamiz.
Mamlakatlarimizning mushtarak qadriyatlari va uzoq muddatli manfaatlari asosida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi an'anaviy do‘stlik aloqalari bundan buyon ham xalqlarimizning farovonligi yo‘lida rivojlanib borishiga ishonaman.
Ushbu qulay imkoniyatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, Yaponiya xalqiga yanada yuksalish va farovonlik tilayman”.
Mavzuga oid
20:40 / 27.06.2026
Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
16:44 / 22.06.2026
Yaponiya viza narxini besh barobarga oshiradi
10:15 / 17.06.2026
O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi
18:57 / 15.06.2026