Jahon | 18:16 / 27.01.2017
7512
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya TIV rahbari vazifasidan ozod etildi

Germaniya prezidenti Yoaxim Gauk Frank-Valter Shtaynmayyerni tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod etdi. Bu haqda GFR prezidenti saytida xabar qilindi.

Shtaynmayyer vakolati Germaniya sobiq iqtisodiyot vaziri Zigmar Gabrielga o‘tkazildi. Marosim GFR prezidenti qarorgohi – Belvyu qasrida bo‘lib o‘tgan.

Gaukning ta'kidlashicha, Shtaynmayyer nomi nemis tashqi siyosatida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘ladi – u Eron bilan muzokaralarda va Ukraina mojarosida ishtirok etayotgan tomonlar o‘rtasidagi vositachilikda o‘zining diplomatik ko‘nikmalarini ko‘rsatib bergan. Gauk Shtaynmayyerga mamlakat nomidan minnatdorchilik bildirdi hamda unga omad tiladi.

Shuningdek Gauk TIV yangi rahbariga ham murojaat qildi.

«Hozir hammasi juda jiddiy ko‘rinishda: biz Yevropa Ittifoqi, transatlantik sheriklikni himoya qilib, ularni mustahkamlashimiz lozim. Men sizga bu qarorlarni hal etishda omad va zafarlar tilayman», - dedi prezident.

Marosimda ishtirok etgan GFR kansleri Angela Merkel ham Gabrielni yangi lavozim bilan tabriklagan.

Mavzuga oid