Jahon | 08:13 / 28.01.2017
7689
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp suriyalik qochqinlarni qabul qilishni to‘xtatdi

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat hududida suriyalik qochqinlarni qabul qilib olish jarayonini to‘xtatib qo‘ydi, deb xabar berdi Associated Press Tramp tomonidan imzolangan farmon matniga asosan.

Ta'kidlanishicha, Suriyadan qochqinlarni qabul qilish 120 kunga to‘xtatilgan. Bu vaqt davomida xavfsizlik xizmati mamlakatga terrorchilarni kiritmaslik bo‘yicha qabul qilingan choralar samaradorligini tekshirib ko‘rishi lozim.

Bundan tashqari, farmon bilan suriyalik muhojirlar qabul kvotasi ham qisqartirilmoqda. Aniqlik kiritilishicha, AQSh 2017 yilda 50 mingdan ortiq qochqinni qabul qilmaydi. Shuningdek, bunda asosiy e'tibor “diniy jihatdan ozchilikni” tashkil qiluvchi kishilarga beriladi. 

Farmon matnida viza olish uchun suhbatdan o‘tish majburiy talabga aylanishi aytilgan. Tramp shuningdek mamlakatga kirib kelayotgan kishilar ustidan nazorat o‘rnatuvchi biometrik tizimni amalga tatbiq etishni tezlashtirish haqida ham vazifa yuklagan.

Avvalroq Donald Tramp mamlakatga kirish chog‘ida muhojirlarni tanlab olish tartibini kuchaytirish haqidagi qonunga ham imzo chekkandi.

Mavzuga oid