“Uddaburon” quruvchilarning siri ochildi
O‘zbekistonda tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, yetarlicha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayapti. Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi To‘lqin Aminov ham ana shu imkoniyatlardan foydalanmoqchi bo‘ldi. Do‘sti Azizbek Ismoilovga rejasini aytdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
U bu fikrni qo‘llab-quvvatladi. Ikkalasi “Qo‘rg‘on Stroy Servis” mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilishdi. Azizbekni mazkur jamiyatning direktori vazifasiga rasmiylashtirishdi. Amalda esa MChJ faoliyatini To‘lqinning o‘zi boshqaradigan bo‘ldi.
MChJning ishi yurishib, to‘g‘ri yo‘ldan ildam odimlay boshladi. Ammo vaqt o‘tgan sayin bu shaxslar boriga qanoat qilmay, ko‘ngillari qing‘ir yo‘llar bilan ko‘proq pul topishni qo‘msab qoladi.
Ana shu niyatda ular tumandagi kasb-hunar kollejlarining biriga yo‘l olishdi. Direktor Nurali Berdiyev, kollej bosh hisobchisi Shavqiddin Umirov va uning yordamchisi Tal'at Hamroyev ikkovlonni ochiq chehra bilan kutib olishdi. To‘lqin va Azizbek o‘quv dargohining rahbarlariga muddaosini aytarkan, qanday qilib mo‘may pul ishlab olish “sirlari”ni tushuntirdi. Buning qarangki, ularning hech biri “Bu ish qonunga xilof, unday qilmaylik”, demadi. Mehmonlarning rejasi qo‘llab-quvvatlandi.
O‘ylangan rejaga binoan beshovlon ishga kirishadi. Aslida kollejda hech qanday tender tanlovi o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, go‘yoki kollejning ustaxona binosining tom qismida 120 mln. so‘mlik ta'mirlash ishlari bajarilishi yuzasidan tanlov o‘tkazilganligi, unda uchta qurilish korxonasi ishtirok etganligi va natijaga ko‘ra, “Qo‘rg‘on Stroy Servis” mas'uliyati cheklangan jamiyati g‘olib chiqqanligi to‘g‘risida tanlov komissiyasi yig‘ilishining bayoni tuziladi. Shundan so‘ng MChJ va kollej o‘rtasida ta'mirlash ishlarini amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama pudrat shartnomasi imzolanadi. Hujjatlarga esa soxta ma'lumotlar kiritiladi. Deraza romlari, tarnovlar o‘rnatish kabi jami yetti ish turi bo‘yicha umuman bajarilmagan 45 mln. 395 ming so‘mlik ta'mirlash ishlari ham qo‘shib yoziladi va mazkur summaning to‘lanishiga erishiladi. Pullarni esa beshovlon o‘zaro taqsimlab, o‘z manfaatlari yo‘lida sarflab yuborishadi.
Tekin pul moydek yoqqan bu shaxslar endi kollejning sport zali va faollar zali tom qismini ham “ta'mirlashadi”. Yana ikki tomonlama shartnoma tuzilib, obektda 122 mln. 811 ming so‘mlik ta'mirlash ishlari bajarilganligi haqidagi hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritiladi. Ya'ni aslida bajarilgan ishlar 54 mln. 865 ming so‘mga oshiriladi. Qo‘shib yozilgan bu mablag‘lar ham cho‘ntaklarga joylanadi.
Ammo vaqti kelib ularning bu siri ochildi. “Yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qoladi”, deb o‘ylagan To‘lqin Aminov, Azizbek Ismoilov, Tal'at Hamroyev, Nurali Berdiyev va Shavqiddin Umirovlarga sud hukmi bilan tegishli jazo tayinlandi.
Mavzuga oid
11:24
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
21:29 / 27.09.2024
Chilonzorda “dom” qurmoqchi bo‘lgan firma mansabdorlari tergovga tortildi
18:26 / 16.09.2024