Jamiyat | 16:28 / 03.02.2017
7929
2 daqiqa o‘qiladi

Duterte kommunistlarga butun umrga tatiydigan urushni va'da qilmoqda

Foto: AP

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte mamlakatdagi kommunistlarga qarshi urush e'lon qildi, deb xabar qilmoqda Reuters.

«Men so‘nggi 48 soat mobaynida ko‘plab askarlarimdan ayrildim, — degan Filippin yetakchisi. — O‘ylaymanki, sulhni davom ettirish samara bermaydi. Men askarlardan shuni iltimos qilaman: lagerlarga qayting, qurollarni tozalang va jangga shay turing. Men rostdan ham afsusdaman. Imkonim boricha barchasini hal qilmoqchi bo‘ldim, ammo bu yetarli bo‘lmadi. Kommunistik partiya bilan tinchlik bo‘lmaydi. Keling urushni qayta boshlaymiz. Bu so‘zlarni aytishdan afsusdaman, ammo, kelgusi avlod dunyoni kommunistlar bilan birga ko‘rmaydi».

Mamlakatda yashirin tarzda faoliyat yurituvchi kommunistik Yangi xalq armiyasi jangarilari tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish tartibi bir necha marotaba buzilishi Dutertening noroziliklariga sabab bo‘lgan. Sulh 10 fevralgacha davom etishi kerak edi. Oxirgi ikki kun mobaynida partizanlar bilan yuz bergan to‘qnashuvlarda hukumat armiyasi 7 askaridan ayrilgan, yana 3 harbiy xizmatchi asirga tushgan. Kommunistlar o‘z navbatida, armiyani sulhdan foydalangan holda ularga tegishli hududlarni egallab olishga uringanlikda ayblamoqda hamda mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini ta'kidlashmoqda. 

YaXA qariyb yarim asrdan buyon Filippin hukumatiga qarshi qurolli kurash olib boradi. Partizanlar mamlakat sharqi va janubidagi hududlarni nazorat qiladi. Ushbu qarama-qarshilik salkam 40 ming kishining yostig‘ini quritgan. YaXA yetakchisi Xose Mariya Sison Rodrigo Dutertening litseydagi o‘qituvchisi bo‘lgan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid