Argentina sobiq prezidentini farzandlari bilan tergovga chaqirishdi
Argentina sudyasi Klaudio Bonadio mamlakatning sobiq prezidenti Kristina Fernandes de Kirshnerni farzandlari bilan birga so‘roqqa chaqirdi. Sobiq prezident farzandlari Maksimo hamda Florensio Kirshnerlar bilan korrupsiya va pullarni noqonuniy o‘tkazishda gumon qilinmoqda.
Qarorga ko‘ra, "mavjud gumonlar"ni e'tiborga olgan holda, sobiq davlat rahbari 7 mart kuni, o‘g‘li va qizi esa 6 mart kuni ko‘rsatmalar berishlari kerak. Umuman, sud tomonidan 21 kishi so‘roqqa chaqirilgan. Ular orasida tadbirkorlar Kristobal Lopes va Lasaro Bayes pullarni noqonuniy o‘tkazishlarda gumon qilinib, qamoqda saqlanmoqda.
Ularning barchasi Kirshnerlar oilasiga tegishli va ko‘chmas mulk bitimlari bilan shug‘ullanuvchi Los Sauces kompaniyasi faoliyatiga doir ish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi. Fernandes de Kirshner va uning turmush o‘rtog‘i, marhum prezident Nestor Kirshner vaqtida tadbirkorlar Kristobal Lopes va Lasaro Bayes davlatdan ko‘plab buyurtmalar olgan.
Fernandes de Kirshner sud qaroriga fikrini bildirar ekan, uni hukumat ko‘rsatmasiga binoan, elektr energiyasi haqlari ko‘tarilgani, narxlarning o‘sishi kabi muammolardan xalq e'tiborini chalg‘itish maqsadida so‘roqqa chaqirishganini aytgan.
"Buni qanday yashirish mumkin? Bonadio Fernandes de Kirshnerni aynan Mehnat konfederatsiyasi norozilik namoyishi o‘tkazadigan kuni chaqirishga qaror qilgan va har ehtimolga qarshi, kifoya qilmasa, uning farzandlarini ham", - deb yozgan sobiq prezident Telegram ilovasidagi kanalida.
Ayni vaqtda Fernandes de Kirshnerga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. U davlat mablag‘larini o‘zlashtirish maqsadida jinoiy til biriktirganlik va Argentina Markaziy banki firibgarliklariga aloqadorlikda ayblanmoqda. Sobiq prezident, shuningdek, korrupsiya va noqonuniy yo‘l bilan boylik orttirganlikda gumon qilinmoqda. Kristina Fernandes de Kirshner o‘zini siyosiy ta'qiblar qurboni deb hisoblaydi.
Mavzuga oid
16:12 / 23.10.2024
Argentinada soliq xizmati tugatildi
13:19 / 07.10.2024
Infantino va «futzal Pelesi» kelgan, Braziliyaning omadi chopgan finaldan eksklyuziv fotojamlanma
20:30 / 24.09.2024
Argentina sudi Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishga order berdi
19:53 / 10.09.2024