Jahon | 13:14 / 04.02.2017
20852
6 daqiqa o‘qiladi

Obama out: AQShning sobiq rahbari nafaqada nima bilan shug‘ullanadi?

Foto: AP

AQShning yaqinda, aniqrog‘i 20 yanvarda iste'foga chiqqan prezidenti Barak Obama 50 yoshdan oshdi. U so‘nggi sakkiz yillik faoliyati mobaynida ko‘tarilmadi, ammo Microsoft Office hamda SMM’da ishlay oladi, - deydi amerikalik so‘z ustasi Stiven Kolber sobiq prezident Obama bilan hazilomuz suhbatida. TASS agentligi esa, uning nafaqada nima bilan shug‘ullanishi mumkinligiga qiziqib ko‘rgan. 

Obama o‘zining so‘nggi matbuot anjumanida aytganidek, u Oq uydan ko‘chib ketgach, ilk kunlarini prezidentlik davrida boshidan kechirganlarini qayta tahlil qilishga bag‘ishlaydi. Obama o‘zining ko‘plab nuqtlarida nima bilan shug‘ullanishiga doir aniq fikr bildirmagan bo‘lsa-da, "men bir narsani aniq bilaman: Mishelni dam olishga olib borishim kerak", — deya hazil qilgandi Obama. 

Barak Obama Mishelga bergan so‘zida turdi. TMZ portali sobiq prezident juftligining Britaniya Virjiniya orollarida dam olayotganiga doir suratlarini e'lon qildi. 

Umuman, hozircha, Obama AQShga shoshilmasa ham bo‘ladi, qonun bo‘yicha unga umrining oxirigacha yirik nafaqa tayinlangan. OAVga ko‘ra, sobiq prezidentning bir yillik nafaqasi 205,7 ming dollarni tashkil etadi. Hozirda hayot bo‘lgan prezidentlar Jimmi Karter, ota-o‘g‘il Jorj Bushlar va Bill Klintonga shuncha nafaqa beriladi. Biroq, sobiq prezidentning ishxonasi, xizmatchilariga to‘lovlar, Maxfiy xizmatning umrbod qo‘riqchiligi hamda safarlarga ketadigan xarajatlar hisobga olinsa, 2017 yilda Obama uchun davlat byudjyetidan 588 ming dollar ajratiladi. Shu bilan birga, bu summani 2015 yilda davlatning Jorj Bush kichik uchun 1,09 mln, Bill Klintonga — 924 ming dollar sarflaganiga qiyoslansa, unchalik ham katta emasligi oydinlashadi. 

Foto: RIA "Novosti"

Obama Oq uydan ko‘chgach, AQSh poytaxtida qolishni rejalashtirgan. Jurnalistlarning qayd etishlaricha, u Tomas Vudro Vilsondan so‘ng, vakolati tugagach, Kolumbiya okrugida qoladigan birinchi prezident bo‘ladi. Buning sababi esa, 15 yoshli kenja qizi Sasha yuqori sinfni tugatgunicha, yashash joyini o‘zgartirishni xohlamayotganidir. Obamaning katta qizi 18 yoshli Maliya 2016 yilda maktabni tamomlagan va bu yil Harvard universitetiga o‘qishga kirishni rejalashtirgan.

Shu narsa ham ma'lumki, Obama Vashington shimoli-g‘arbidagi Kalorama hududidagi 9ta yotoqxonasi bor kottejda istiqomat qiladi. Obama unga oyiga 20 ming dollar ijara haqi to‘laydi. Sobiq prezident dam olishdan qaytgach, ishxonaga aylantiriladigan garajda ishlashi kutilayotgan bo‘lsa-da, aynan nima bilan shug‘ullanishi sirligicha qolmoqda. 

AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 22-tuzatish prezidentlik lavozimini ikki martadan ortiq egallashga imkon bermaydi. Shunga ko‘ra, yuqori reytingiga qaramay, Barak Obama endi prezident bo‘la olmaydi. Biroq, liberal amerikaliklar, kelgusi prezidentlik saylovida Mishel Obama o‘z nomzodini ilgari surishiga umid qilishmoqda. Ammo, uning o‘z so‘zlariga ko‘ra, Mishel Oq uyga qaytishni istamayapti hamda Oval xonadan tashqarida amerikaliklar uchun ko‘proq foydasi tegishi mumkin. 

Umuman Obama rejalari orasida bo‘lg‘usi siyosiy yetakchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan Prezident markazini tashkil etish ham bor. Sobiq prezident NPR (National Public Radio – Milliy jamoat radiosi) bilan suhbatida o‘zini Demokratik partiyaning yosh iqtidorlarini tayyorlovchi murabbiy sifatida ko‘rayotganini aytgandi. 

NBC telekanalining ta'kidlashicha, Obama Demokratik partiyaga ta'sir ko‘rsatishi uchun oshkora faoliyat yuritishi unchalik ham shart emas. Chunki, sobiq prezident tomonidan tayinlangan ko‘plab mulozimlar hamon o‘z o‘rinlarini saqlab qolmoqda va ular Obama siyosatini ma'qullashmoqda. 

Har bir prezidentning yana bir amalga oshiradigan muhim ishlaridan biri memuarlar yozishdir. Obama o‘z xotiralar kitobini yozishni "asosiy vazifa" deb baholadi. Unga kitob yozishda nutq yozuvchisi Kodi Kinan yordam beradi. Obama memuari uchun 20 mln va undan ko‘proq qalam haqi olishi mumkin.

Umuman, Obama boshqa sohalarda ham o‘z kuchini sinab ko‘rishni xohlasa, buning uchun bir necha takliflarga ega. Xususan, 2017 yil yanvari boshida Spotify musiqa striming xizmati Obama uchun maxsus "pley-listlar prezidenti" bo‘sh ish o‘rni borligini e'lon qilgandi. E'londa, "nomzod hurmatga sazovor mamlakatni boshqarish bo‘yicha kamida 8 yillik mehnat tajribasiga ega hamda Nobel tinchlik mukofoti bilan taqdirlangan bo‘lish"i shart qilingan. Bunga esa, aynan Obama mos keladi. 

Foto: RIA "Novosti"

Barak Obamani o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan yana bir kompaniya bu – Cards Against Humanity. Firma rahbariyati shu mazmundagi e'lonini o‘z saytida va Chicago Tribune gazetasida joylashtirdi. 

Obamaning o‘zi esa, yangi ish qidirish masalasiga birmuncha hazil bilan yondashadi. U Oq uydan ketar ekan, Uber (taksi xizmati) haydovchisi bo‘lishi yoinki basketbol bo‘yicha maktab jamoasining murabbiyi bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Uning kelgusi faoliyati nima bilan bog‘liq bo‘lishini esa, yaqin orada bilib olamiz. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid