Jahon | 17:44 / 05.02.2017
6668
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Oq uy MRBning maxfiy qamoqxonalaridan voz kechdi

Oq uy ma'muriyati Markaziy razvedka boshqarmasining (MRB) maxfiy qamoqxonalarini qayta tiklash g‘oyasidan voz kechgan. Bu haqda New York Times gazetasi xabar yozgan.

Bu boradagi loyiha AQSh kongressida har ikki partiya vakillari va mahkama a'zolari o‘rtasida norozilikni keltirib chiqargan. Nashr xabarida yozilishicha, shundan so‘ng Oq uy xorijda MRB o‘z vaqtida terrorizmga aloqadorlar mahbuslarni qiynoqqa solgan maxfiy qamoqxonalarni qayta ochish masalasini ko‘rib chiqishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng hujjatning ikkinchi varianti paydo bo‘lgan va unda maxfiy qamoqxonalar haqida gap yo‘q.

Shu bilan birgalikda, Tramp Barak Obama ma'muriyati yopib tashlashga intilgan Guantanamodagi harbiy turmadan jiddiyroq maqsadlarda foydalanmoqchi va hujjatning yangi tahririda shu maqsad aks etgan.

Nashrda qayd etilishicha, qonun loyihasidagi ayrim bandlar «prezident Donald Trampning ko‘p sonli va'dalariga, shu jumladan, u yerga yana qo‘lga tushgan terrorchilarni yo‘naltirish va ushbu turmadan mahbuslarni ko‘chirishni bas qilishga qaratilgan da'vatlariga mos keladi».

Qayta ko‘rib chiqilgan hujjat loyihasi Obama 2009 yilda chiqargan, ammo amalga oshmay qolgan Guantanamodagi qamoqxonani yopish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bekor qilmaydi.

O‘z prezidentligining so‘nggi kunlarida Barak Obama Kongressni Guantanamodagi qamoqxonani yopishga qarshilik ko‘rsatgani uchun ayblagandi.

Mavzuga oid