Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropaning eng badavlat 20 kishisi ro‘yxati taqdim etildi
Yevropaning eng badavlat kishilari orasida turli shaxslar bor. Ularning ba'zilari o‘z pullarini o‘zlaridan avvalgi avloddan meros qilib olishgan, boshqalari esa o‘z kuchi va harakati bilan yuqori cho‘qqilarni zabt etgan kishilar hisoblanadi. InsiderPro Yevropaning eng badavlat kishilar ro‘yxatini taqdim etdi. Reyting Forbes ro‘yxati asosida tuzilgan. Unda ba'zi mamlakat vakillari yo‘q, chunki u yerlarda bu ro‘yxatga munosib badavlat kimsalar topilmadi.
Ruminiya. Ion Tsiriak. 1 milliard dollar

Ruminiyaning eng badavlat kishisi "Brashovlik buldozer" nomi bilan mashhur. Sobiq professional tennischi va xokkeychi 1989 yilda Ruminiyada kommunistik rejimga chek qo‘yilgandan so‘ng bank, chakana savdo va sug‘urta sohalariga pul "tikib", boyishga muvaffaq bo‘lgan.
Monako. Tatyana Kaziragi. 2,3 milliard dollar

Pivo imperiyasi merosxo‘ri Tatyana Santo-Domingo — Monakoning eng badavlat fuqarosi va Kaziragi qirollik oilasi a'zosi. U o‘z mablag‘larning asosiy qismini marhum bobosidan meros qilib olgan. Bobosi 2005 yilda o‘ziga tegishli Bavaria pivo konsernini (Kolumbiya) bir necha milliard dollarga sotib yuboradi. U shahzoda Andrea Kaziragi Hannoverga turmushga chiqqan, Andrea - Monako qirolligiga nomzodlar safida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.
Ukraina. Rinat Axmetov. 3,5 milliard dollar

Rinat Axmetov Donetskda, konchilar oilasida dunyoga kelgan. Biznesga esa 1990-yillarda qadam qo‘ygan. U 2000-yillar boshidan Ukrainaning eng badavlat kishilaridan biri hisoblangan. Uning "Sistem Kepital Menedjment" guruhi ko‘mir, tog‘-kon, koksokimyoviy, metallurgiya va quvur sanoati, shuningdek elektr energiyasi, telekommunikatsiya va bir qator boshqa sohalardagi korxonalarni birlashtiradi. 2014 yilda mamlakat sharqida boshlangan urush Axmetovning moliyaviy ahvoli taxminan uch barobar kamayishiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, u avvalgidek ukrainalik boshqa oligarxlardan bir necha barobar badavlat.
Finlyandiya. Antti Herlin. 3,6 milliard dollar

Finlyandiyaning eng badavlat kishisi ajoyib yo‘l bilan pul topadi: uning firmasi lift va eskalatorlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Antti Herlin 1920-yillar o‘rtalarida KONE kompaniyasini qo‘lga kiritgan Harald Herlinning evarasi hisoblanadi.
Polsha. Dominika va Sebastyan Kulchiki. 3,6 milliard dollar

Aka-singil Kulchikilarga 2015 yilda hayotdan ko‘z yumgan otalaridan meros qolgan. Ular 2014 yildayoq uning investitsiyalari va aktivlarini boshqarishni boshlashgan.
Portugaliya. Amerigo Amorim. 4,6 millard dollar

Amorim o‘z milliardlarini bobosi tomonidan asos solingan Corticeira Amorim kompaniyasi yordamida ishlab olgan. Mazkur kompaniya dunyodagi eng yirik tiqin (probka) ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Bundan tashqari, bir qator Yevropa mamlakatlarida uning aktivlari bor.
Belgiya. Albert Frer. 4,6 milliard dollar

Frer — 1970-yillarda po‘lat biznesidan boyigan, keyin esa pullarni turli sohalarga sarmoya qilgan investor. Belgiya qiroli unga baron unvonini bergan.
Norvegiya. Odd Reytan. 8,5 milliard dollar

Reytan Norvegiyadagi eng yirik REMA 1000 supermarketlar tarmog‘i asoschisi va rahbari hisoblanadi. U 2012 yilda qirolga uni Norvegiya hukmdori etib tayinlashni taklif qilgan va mamlakat yetakchisi sifatida o‘zining kelgusidagi faoliyatini tasvirlab bergan kitobini yozdi.
Shveytsariya. Ernesto Bertarelli. 8,5 milliard dollar

Bertarelli bobosi tomonidan asos solingan farmatsevtika kompaniyasini sotib, ko‘p pulga ega bo‘lgan. Bugungi kunga kelib uning aktiv va investitsiyalarining aksariyat qismini Waypoint Capital boshqarmoqda.
Kipr. Jon Fredriksen. 9,9 milliard dollar

Fredriksen Norvegiyani tark etmaganida mamlakatning eng badavlat kishisi bo‘lar edi, biroq hozir u Kipr fuqarosi va dunyodagi eng qudratli neft magnatlaridan biri. U Eron-Iroq urushi paytida neft tashish orqasidan katta pul ishlab oldi.
Niderlandiya. Sharlen de Karvalo-Heyneken. 11,7 milliard dollar

Niderlandiyaning eng badavlat kishisi pivo ishlab chiqaruvchi Heineken konserni merosxo‘ridir. Uning bobosi Gerard Adriyen Heyneken bu kompaniyaga XIX asr oxirida asos solgan. Sharlen de Karvalo-Heyneken konsernning direktorlar kengashi a'zosi.
Daniya. Kell Kirk Kristansen. 12,7 milliard dollar

Kristiansenning daromad manbai — Lego kompaniyasi. U firma asoschisi Ol Kirk Kristansenning nevarasi bo‘lib, chorak asr davomida (2004 yilgacha) Lego Group'ni boshqargan.
Rossiya. Leonid Mixelson. 14,4 milliard dollar

Rossiyaning Forbes jurnali ro‘yxatida birinchi pog‘onani egallagan ishbilarmonning eng qimmatbaho aktivlari - bu gaz qazib chiqaruvchi Novatek kompaniyasi (24,8%) va Sibur neft-kimyoviy xoldingning (43,2%) aksiyalar paketi.
Buyuk Britaniya. Shri va Gopi Hinduja. 14,6 milliard dollar

Buyuk Britaniyada yashovchi Shri va Gopi "Fantastik to‘rtlik"ning yarmini tashkil qiladi. 80 yoshni qarshilagan aka-uka Hindujalar Hinduja Group korporatsiyasini bir-biri bilan kelishgan holda boshqarishadi, Kompaniyaning shtab-kvartirasi Londonda joylashgan. Hindistonning Ashok Leyland avtomobil ishlab chiqaruvchisi ushbu kompaniyaga tegishli.
Avstriya. Ditrix Mateshits. 12,9 milliard dollar

Red Bull kompaniyasi asoschisi Avstriyaning eng badavlat kishisi hisoblanadi va avvalgidek firma aksiyalarining deyarli yarmiga egalik qiladi. Agar siz o‘qishda qiynalayotgan bo‘lsangiz, tashvish chekmang: ma'lumotlarga ko‘ra, Matteshitsning universitetni tugallashiga naq 10 yil ketgan.
Shvetsiya. Stefan Persson. 20 milliard dollar

Persson kiyim-kechak bilan savdo qiluvchi, Yevropaning katta chakana tarmog‘i bo‘lgan H&M kompaniyasining eng yirik aksioneridir. Kompaniyaga uning otasi Erling Persson tomonidan asos solingan, hozir uni Stefanning o‘g‘li Karl-Yuxan boshqaradi.
Germaniya. Georg Sheffler. 20,7 milliard dollar

Schaeffler Group sanoat kompaniyasining 80 foizi Georg Shefflerga tegishli, qolgan 20 foiziga esa uning onasi egalik qiladi. Kompaniya avtomobillar, kosmik qurilmalar va boshqalar uchun podshipniklar ishlab chiqaradi.
Italiya. Mariya Franka Fissolo va Jovanni Ferrero (suratda pastdagisi). 24,9 milliard dollar

Marhum Mikele Ferreroning turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li qandolatchilik sanoati flagmani hisoblangan Ferrero SpA kompaniyasi faoliyati ketidan boyib ketishgan. Kompaniya rahbari - Jovanni Ferrero.
Fransiya. Lilian Betankur. 38,7 milliard dollar

L'Oreal kompaniyasi merosxo‘ri Yevropaning eng badavlat ayoli hisoblanadi. U o‘z farzandlari bilan birgalikda kosmetika gigantining 33 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Lilian dementsiyaga chalingan, shu bois hozirda uning aktivlari farzandlari tomonidan boshqariladi.
Ispaniya. Amansio Ortega. 71,5 milliard dollar

Ortega — Inditex kompaniyasiga asos solgan ispaniyalik ishbilarmon. Kiyim-kechak bilan savdo qiluvchi bir necha do‘konlar tarmog‘i uning tasarrufida. Ularning orasida eng mashhuri - Zara tarmog‘i. Amansio Ortega — dunyoning eng badavlat kishilari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda.
Mavzuga oid
09:00 / 13.06.2026
25 yilda dunyoning eng boy davlatlari reytingi qanday o‘zgardi?
19:40 / 06.06.2026
Turk milliarderi latifa aytgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkin
08:17 / 01.06.2026
Elektr energiyasiga talab oshib bormoqda: dunyo reytingi taqdim etildi
08:05 / 15.05.2026