Sport | 14:30 / 08.02.2017
6871
2 daqiqa o‘qiladi

FIFAda korrupsiya bilan bog‘liq yangi mojaro yuzaga keldi

FIFAda olib borilgan ichki tekshiruv ishlari natijasida korrupsiya bilan bog‘liq navbatdagi holatlar aniqlangan. Bu haqda o‘z manbasiga tayangan holda Bloomberg agentligi xabar tarqatdi.

Surishtiruvlar orqali federatsiyalarning tijorat shartnomalari va sobiq mulozimlarga pora berish holatlari bilan bog‘liq tafsilotlar aniqlangan.

Tekshiruvlarni Quinn Emanuel Urquhart & Sullivan LLP yuridik firmasi o‘tkazgan, FIFA bu firma xizmati uchun 30 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. 

Firma surishtiruv natijalari bo‘yicha aniqlangan barcha ma'lumotlarni fevral oyi oxirida FIFA rahbariyatiga taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, FIFAda korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar 2015 yil bahorida boshlangandi. O‘shanda tashkilot prezidentligiga beshinchi marta o‘z nomzodini qo‘ygan Yozef Blatter, UYeFA rahbari Mishel Platini va boshqa yuqori martabali mulozimlarga nisbatan ayblovlar ilgari surildi. 2015 yilning dekabrida Blatter va Platini 8 yilga futboldan chetlatildi. 2016 yil fevralida diskvalifikatsiya muddati 6 yilga, may oyida Lozannadagi Sport arbitraj sudi Platinining apellyatsiyasini ko‘rib chiqib, uning diskvalifikatsiyasini kuchda qoldirdi, ammo muddat 4 yilga qisqartirildi.

2016 yilning iyunida FIFA 5 yil davomida Blatter, FIFAning sobiq bosh kotibi Jyerom Valke va federatsiyaning sobiq bosh direktori Markus Kattner 79 million shveysar frankidan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirib yuborgani haqida ma'lum qildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid