Iqtisodiyot | 15:30 / 08.02.2017
61454
6 daqiqa o‘qiladi

OAV: O‘zbek avtomobillari Rossiyada yig‘ilishi mumkin

Rossiyaning Derways zavodida GM-O‘zbekiston kompaniyasi mahsulotlarini yig‘ish, unga yo‘qotish (utilizatsiya) dasturi ko‘rinishidagi to‘siqlarni chetlab o‘tish imkonini berar edi. Life agentligining yozishicha, "GM-O‘zbekiston" kompaniyasi Cherkasskdagi Derways zavodi bilan ushbu korxona quvvatlarida o‘z mahsulotlarini otvyortkali yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. 

Aytish joizki, "GM-O‘zbekiston"ning barcha yangi modellari tashqi ko‘rinishini o‘zgartirgan (GM kompaniyasiga tegishli) Chevrolet modellaridir. Bu modellar 2015 yil boshidan Rossiyada sotilishi keskin kamaygan edi. O‘shanda amerikaliklarning qarori siyosiy mazmunga ega deb baholangan — AQShning Rossiyaga nisbatan sanksiyalarining davomi ekanligi taxmin qilingandi. O‘zbek brendi ostida Rossiya avtomobil bozoriga qaytish Amerika kompaniyasining betaraf maqomini saqlab qolish hamda Rossiya bozorida ommabop bo‘lgan modellari bilan o‘z o‘rnini mustahkamlab olishga imkon bergan bo‘lar edi. 

“2016 yil oktabr oyidan buyon "GM-O‘zbekiston" Ravon avtomobillarini Rossiyada yig‘ish bo‘yicha hamkor qidirmoqda. Hozircha, asosiy nomzod sifatida Derways ko‘rilmoqda. Ammo, Cherkessk zavodi quvvatlarida ushbu avtomobillarni yig‘ish borasida yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q. Muzokaralar olib borilmoqda. O‘zbekiston tomoni yo‘qotish dasturini ortga surishni so‘rashdi. Agar yig‘uv maydoni paydo bo‘lsa, bu masala o‘z-o‘zidan yo‘qoladi”, — degan agentlikning avtobiznesdagi manbasi. 

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, "GM-O‘zbekiston"ning Rossiyada o‘z mahsulotlarini shartnoma asosida yig‘ish masalasi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlangan hukumatlararo komissiya yig‘ilishida muhokama qilinadi. 

O‘zbekistonda ishlab chiqilgan avtomobillar uzoq vaqt mobaynida Rossiyada UZ-Daewoo brendi ostida sotildi. Bunda, asosan, Daewoo Matiz, Nexia va Gentra kabi xetchbek va sedanlar rus mijozlariga yetkazib berildi. Ushbu modellar arzonligi sababli Rossiyada yaxshigina talabga ega edi. Masalan, 2013 yilda Rossiyada 60,8 ming dona O‘zbekistonda ishlab chiqilgan avtomobillar sotilgan. Ammo, rubl kursi qadrsizlanishi sababli UZ-Daewoo avtomobillariga talab keskin tushib ketdi. 2015 yilda jami 20,5 mingta avtomobil sotishning uddasidan chiqilgan, xolos. O‘sha yili kompaniya kutilmaganda rebrending o‘tkazdi va nomini Ravon’ga aylantirdi. Shu bilan birga, eski modellardan voz kechishdi. GM: Ravon R2, R3, R4 — ya'ni Chevrolet Spark, Aveo va Cobalt sedanlarini Rossiyaga bozorida taqdim etdi. 

Aytish joizki, Ravon brendi faqat tashqi bozorda sotiladi, O‘zbekistonda bu avtomobillar Chevrolet nomi bilan mashhur. Ayni chog‘da, Derways zavodi so‘rovga javob bermagan. Ravon kompaniyasi esa, o‘z navbatida, Derways bilan muzokaralar olib borilayotganini inkor etdi.

“Biz hech qachon Derways zavodida yig‘maganmiz, yig‘mayapmiz, yig‘maymiz ham”, — degan Ravon rasmiy vakilasi Natalya Polskaya Life agentligiga.

"GM-O‘zbekiston" qo‘shma korxonasi mahsulotlarini Derways zavodida SKD-yig‘ishni amalga oshirish Amerika-o‘zbek kompaniyasi uchun strategik qadam bo‘lishi mumkin. 

“Ravon modellari Rossiya avtomobil bozoridagi arzon xorijiy modellarga bo‘lgan tanqislik o‘rnini to‘ldiradi. Shunga ko‘ra, ular bu yo‘nalishni rivojlantirishsa, mantiqan to‘g‘ri bo‘lar edi. Arzon mashinalar bozori yetarli darajada katta, V-sinfi pasayib borayotgan bozor sharoitida ham o‘sgan. O‘ylaymanki, Ravon uchun bozorda joy topiladi”, — deya ishonch bildirgan "VTB-Kapital" eksperti Vladimir Bespalov.

“"GM-O‘zbekiston"ning Rossiyada yig‘ishni yo‘lga qo‘yishidan ko‘radigan foydasi utilizatsiya dasturi bo‘yicha tovon bo‘ladi. Buni ularga Derways va'da qilgan bo‘lishi ehtimol”, - deya taxmin qiladi ERUssia Partners boshqaruvchi hamkori Sergey Burgazliyev.

“Rossiyalik iste'molchilar nigohida Ravon maqomining o‘zgarishi kompaniya uchun sezilarli rol o‘ynamaydi. Aksincha, iste'molchi uchun yanada maqbulroq narxni taklif etgan yoki "GM-O‘zbekiston" shartnoma yig‘uvini to‘lash bilan ko‘proq foyda ko‘rgan bo‘lar edi”, — deb qayd etadi ekspert.

O‘zbek avtomobilsozlari mahsulotlarining Rossiyada yig‘ilishi yoki yo‘qligi masalasi yaqin orada aniq bo‘lishi tayin. 

Mavzuga oid