Jahon | 16:09 / 10.02.2017
3804
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviyada 17 yoshdan armiyada xizmat qilishga ruxsat berildi

Foto: Armyrecognition.com

Boliviya hukumati e'lon qilgan farmonga muvofiq, endilikda, 17 yoshga to‘lgan fuqarolar ham mamlakat qurolli kuchlari safida xizmatni o‘tashlari mumkin bo‘ladi. General Ramiro Moxiki so‘zlariga ko‘ra, hukumat qarori yoshlarning armiyada xizmat qilishga juda qiziqishi bilan bog‘liq. 

Qurolli kuchlar vakilining izoh berishicha, 17 yoshga to‘lgan o‘smir yigitlar, ota-onalaridan yozma ruxsat olib, maxsus ariza topshirishsa, harbiy xizmatga qabul qilinishi mumkin. Ammo, Boliviya armiyasida majburiy xizmat yoshi o‘zgartirilmagan. Bu borada yosh cheklovi 18 yil etib belgilangan. 

E'tiborli jihati shundaki, o‘tgan yili mamlakat Konstitutsiyaviy sudi 18 yoshga to‘lmagan boliviyaliklar qurolli kuchlar safiga kira olmasligi xususida qaror chiqargan edi. Ular faqat dam olish kunlari harbiy tayyorgarlikdan o‘tishlari mumkin edi. 

Boliviyada 18-22 yoshdagi yigitlar bir yillik muddatga harbiy xizmatga chaqiriladi. Harbiy xizmatchi, diniy qarashi yoki e'tiqodidan kelib chiqib harbiy majburiyatni bajarishdan bosh tortishi mumkin emas. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid