Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Abadiy to‘qnashuv. Kunning markaziy uchrashuvi oldidan
Yevropa chempionlar ligasining nimchorak final o‘yinlari davom ettiriladi. Tribuna.Uz chorshanba kungi uchrashuvlarning markaziy sifatida qaralayotgan Myunxendagi uchrashuv anonsi bilan tanishtirdi.
YeChL. 1/8 final
BAVARIYa- ARSeNAL
16 fevralga o‘tar kechasi, soat 00:45, Myunxen «Alyants-Arena» stadioni.
Bosh hakam: Milorad Majich (Serbiya)
Translyatsiya: UzReport, Match TV
«Uch narsa abadiy — suv oqaveradi, olov yonaveradi, «Arsenal» va «Bavariya» YeChLda bir-biriga qarshi o‘ynayveradi». So‘nggi yillardagi qur'a natijalaridan keyin eng ko‘p yangragan mazkur hazilomuz iborada haqiqat borga o‘xshab tuyuladi. Joriy mavsumni ham qo‘shib hisoblasak, so‘nggi 5 yilda to‘rtinchi marta bu ikki jamoa o‘zaro hisob-kitob qilishiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘yin oldidan
«Bavariya»

«Bavariya»ni o‘yinga ideal formada yetib keldi, deb bo‘lmaydi. Jamoa bundesliga doirasidagi so‘nggi yetti uchrashuvning 3tasida ochko yo‘qotdi. Karlo Anchelotti shogirdlari «Ingolshtadt», «Verder» va «Frayburg» kabi darajasidan ancha past jamoalarga qarshi o‘yinlarda katta qiyinchiliklar evaziga zafar quchishni uddaladi. Ammo ichki chempionatdagi raqobatchilarning bo‘sh o‘yini jamoani Germaniyada xotirjam bo‘lishga va asosiy e'tiborni yevrokuboklarga qaratishga undamoqda.
«Arsenal»

«Arsenal» Angliyada o‘sha-o‘sha jamoa. O‘sha-o‘sha o‘rin, o‘sha-o‘sha natijalar. Mavsum yakuni yaqinlashgani sari jamoa chempionlikdan umidini uzishni boshladi. Chempionatdagi ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng jamoa «Hall Siti»ni mag‘lub etishga (2:0) muvaffaq bo‘ldi.
O‘zaro o‘yinlar
Ikkala jamoa shu kungacha jami 10 marta to‘qnash kelgan. E'tiborli tomoni, uchrashuvlarning barchasi 2000 yildan keyinga to‘g‘ri keladi. O‘zaro o‘yinlarning 5tasida myunxenliklar, 3tasida londonliklar ustun kelgan, ikki o‘yinda esa murosa ko‘chasi tanlangan. To‘plar nisbati — 17-11, nemislar foydasiga. O‘tgan mavsumda guruh bosqichida londonliklar Myunxenda 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan, o‘z maydonlarida kechgan javob uchrashuvida 2:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. 2000/2001 yilgi mavsumning ikkinchi guruh bosqichida Londonda 2:2 hisobidagi durang qayd etilgan, Myunxenda mezbonlar minimal hisobda g‘alaba qozongan.
«Bavariya» 2004/2005, 2012/2013 va 2013/2014 yilgi mavsumlarda «Arsenal»ni nimchorak finalda to‘xtatgan. 2013/2014 yilgi mavsum nimchorak finalida Londonda 2:0 hisobida ustun kelgan «Bavariya» Myunxenda 1:1 hisobida durang o‘ynagan. Undan oldingi mavsum nimchorak finalida esa myunxenliklar Londonda 3:1 hisobida, londonliklar Myunxenda 2:0 hisobida g‘alab qozongan. Mehmonda urilgan gol «Bavariya»ni chorak finalga olib chiqqan. 2004/2005 yilgi mavsum nimchorak finalida «Arsenal» Londonda 1:0, «Bavariya» Myunxenda 3:1 hisobida zafar quchgan.
Qiziqarli faktlar
– «Bavariya» so‘nggi besh mavsum davomida 17-marta Angliya jamolariga qarshi maydonga tushadi;
– «Bavariya» Angliya jamoalariga qarshi jami 49 uchrashuv o‘tkazib, 19 marta g‘alaba qozongan, 16 uchrashuvda durang qayd etilgan, 14 mag‘lubiyat;
– Ingliz jamoalariga qarshi o‘z uyida o‘tkazgan 19 uchrashuvda 13ta g‘alabani qo‘lga kiritgan;
– Myunxenliklar Chempionlar ligasida o‘z uyida ketma-ket 15 marta g‘alaba qozonib (uchtasi ushbu mavsumda), bu borada amaldagi rekordchi hisoblanadi;
– myunxenliklar o‘z uyidagi so‘nggi ikki uchrashuvdan buyon «Arsenal»ni mag‘lub eta olmayapti;
– «Arsenal» 2005/2006 yilgi mavsumdan buyon ilk marta guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz yakunladi;
– Venger shogirdlari so‘nggi 6 mavsumning barchasida ishtirokini aynan nimchorak finalda tugatgan. Jumladan, ular 1/8 finalda ikki marta «Bavariya»ga imkoniyatni boy bergan;
– londonliklar safarda o‘tkazgan so‘nggi 7 o‘yinidan 3tasida imkoniyatni boy bergan;
– Germaniyadagi so‘nggi 17 uchrashuvda 5 martasida londonliklar g‘alaba qozonishgan;
– nemis jamoalariga qarshi «Arsenal» 34 marta to‘qnash kelgan: 16 g‘alaba, 6 durang va 12 mag‘lubiyat.
Yo‘qotishlar
Karlo Anchelotti bu uchrashuvda asosiy futbolchilari Jyerom Boateng va Frank Riberi xizmatidan foydalana olmaydi. Xabi Alonso umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytgan, lekin uning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.
«Arsenal» tarkibida esa muammolar ko‘proq. Santi Kasorla, Aaron Remzi kabi markaziy yarimhimoyachilar anchadan buyon jamoaga yordam bera olishmayapti. Shuningdek jamoa sardori Per Mertezakerda ham xuddi shunday vaziyat. Shuningdek, Petr Chexning ham bu uchrashuvda zaxirada qolishi kutilmoqda. Venger bu uchrashuvda ham darvozani David Ospina qo‘riqlashini bildirgan.
Taxminiy tarkiblar
Bavariya: Manuel Noyyer, Mats Hummels, Xavi Martines, Filipp Lam, David Alaba, Arturo Vidal, Aren Robben, Duglas Kosta, Tiyago Alkantara, Tomas Myuller, Robert Levandovski.
Arsenal: David Ospina, Nacho Monreal, Loran Koselni, Shkodran Mustafi, Ektor Bellerin, Fransis Koklen, Muhammed en-Nenni, Mesut O‘zil, Teo Uolkott, Aleks Ivobi, Aleksis Sanches.
Mavzuga oid
21:00 / 04.07.2026
Mundial yulduzlari. Runiga qiyoslanayotgan marokashlik to‘purar
14:18 / 01.06.2026
«Keyingi yil YeChL uchun qaytamiz». «Arsenal» Londonda chempionlik paradi o‘tkazdi
15:43 / 31.05.2026
Parijda «PSJ» fanatlari tartibsizlik keltirib chiqardi – fotolar
00:04 / 31.05.2026