BAAning Afg‘onistondagi elchisi teraktda olgan jarohatlari tufayli vafot etdi
Birlashgan Arab Amirliklarining Afg‘onistondagi elchisi Juma al-Kaabiy yanvar oyida Qandahor shahrida yuz bergan teraktda olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. Bu haqda Khaama Press xabar bermoqda.
«Biz chuqur qayg‘u bilan millat va shaxsiy burchi uchun halok bo‘lgan Juma Muhammad Abdulla al-Kaabiy hayotdan ko‘z yumganini xabar qilamiz. U o‘z qalbining bir qismini butun insoniyat uchun berdi», - deya BAA tashqi siyosat idorasi bayonotining so‘zlarini keltirgan agentlik.
Al-Kaabiyni bir oy davomida saqlab qolishga harakat qilishdi, biroq shifokorlar buning uddasidan chiqa olmadi. 11 yanvar kungi hujumda umumiy hisobda yetti nafar inson halok bo‘ldi, 18 kishi jarohatlandi. Halok bo‘lganlar orasida besh nafar BAA fuqarosi bor edi. Abu Zobi ma'lumotiga ko‘ra, ular ta'lim faoliyati va rivojlanish loyihalari bilan shug‘ullanuvchi gumanitar missiya xodimlari bo‘lgan.
Afg‘onistonda fuqarolik urushi ketmoqda. Amerika va uning ittifoqdoshlari tomonidan 2001 yilda tor-mor keltirilgan «Tolibon» harakati yana kuch to‘plab, butun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli hujumga o‘tdi. Toliblar so‘nggi oylarda mamlakat janubida faollashishdi, shuningdek, Kobul shahrida ham ko‘plab teraktlarni amalga oshira boshladilar.