Jahon | 14:44 / 16.02.2017
39216
3 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon o‘g‘liga prezident bo‘lishi uchun tavsiyalarini berdi

foto : Rustam Imomali

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Dushanbe shahri faollari bilan uchrashuvida o‘g‘lini nima uchun poytaxt hokimi etib tayinlaganini ma'lum qildi. Prezidentning qayd etishicha, uning uchun bu qarorni qabul qilish oson bo‘lmagan. Bu haqda Asia Plus media guruhi xabar qilmoqda.  

«Poytaxt hokimligini egallashdan avval, Rustam Imomali jiddiy davlat tuzilmalarida yetarli tajriba orttirdi. Bundan tashqari, sir emaski, shahardagi muammolarni hal etishda unga chetdan bosim o‘tkaza olishmaydi», - degan prezident. Uning ta'kidlashicha, «Rustam Imomali o‘ziga yuklangan barcha vazifalarni uddalay oladi». Shu bilan birga, davlat rahbari o‘g‘liga xalqqa yaqin bo‘lishni maslahat bergan.

«Bizning xalqimiz juda muloyim va yumshoqko‘ngil. Unga ko‘p narsa kerak emas – doimo elektrenergiyasi, arzonchilik va muhimi, ko‘ngli tusagan munosib ishi bo‘lsa bas. Ularni shu ehtiyojlari bilan ta'minla, odamlar seni hamma narsada qo‘llab-quvvatlaydi. Xalqqa yaqin bo‘l, anjumanlar va dabdabali saroylarda emas, odamlar bilan ko‘proq uchrash. Ularning uylariga bor, oddiy ishchi, xizmatchi bilan ularning dasturxoni atrofida o‘tir. Bu bilan sen nafaqat ularning hurmatini qozonasan, balki oddiy xalq qanday yashayotganini ham anglaysan», - degan davlat rahbari. 

Imomali Rahmon, shuningdek, mamlakatning avvalgi va hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, shaharning mashaqqatlari va erishgan yutuqlari xususida hikoya qilgan. 

Bundan tashqari, Tojikiston rahbari Dushanbe shahri xalq xo‘jaligining muhim sohalaridagi holatni batafsil tahlil qilgan va barcha muammolarni hal etish bo‘yicha vakolatli shaxslarga topshiriqlar bergan. Davlat rahbari Korrupsiyaga qarshi agentlikka 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda qurilish inshootlari uchun ajratilgan respublika va poytaxtning byudjyet mablag‘laridan foydalanishni tekshirish vazifasini ham topshirgan. 

Rustam Imomali 2017 yil 12 yanvarida Dushanbe shahri hokimi lavozimiga tayinlangan edi. U Mahmadsaid Ubaydulloyev o‘rnini egallagan edi. 

Mavzuga oid