Jahon | 21:15 / 16.02.2017
5481
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Afg‘onistonning ShHTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: MID RT

Tojikiston Afg‘onistonning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT)ga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlaydi, qo‘shni mamlakat esa Tojikistonning chegara hududlarida tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishga va'da bermoqda. Bu haqida AsiaPlus nashrida xabar berildi. 

16 fevral kuni Dushanbeda Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov va Afg‘oniston TIV rahbari Salohiddin Rabboniy o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek ikki vazir rahbarligi ostida kengaytirilgan tarkibdagi tojik-afg‘on TIVlarining o‘zaro maslahatlashuvi ham o‘tkazildi. 

Vazirlar va kengaytirilgan tarkib uchrashuvlari davomida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish yo‘llari, shuningdek mintaqaviy va xalqaro masalalar  muhokama qilindi. 

TIV rahbarlarining bayonotlariga ko‘ra, tomonlar iqtisodiyot, savdo, energetika, kommunikatsiya, tranzit, qishloq xo‘jaligi, sanoat, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ilm-fan, ta'lim va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olishgan. 

Manbaga ko‘ra, tojik-afg‘on chegara hamkorligining rivojlanishi Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamda ko‘p rejali hamkorlikning muhim omili hisoblanadi. 

Tomonlar shuningdek ekstremizm, terrorizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik va boshqa mintaqaviy hamda xalqaro tahdidlar bilan kurashishda hamkorlikni kengaytirish zaruratini tasdiqlashdi. Tojikiston xalqaro terrorizm va ekstremizm bilan kurashishda afg‘on xavfsizlik kuchlarining roli muhim deb hisoblaydi.   

Tojikiston Respublikasi TIV rahbari S.Aslov mamlakat Afg‘onistonning ShHTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi. 

O‘z navbatida, Rabboniy Afg‘oniston bugungi kunda xalqaro terrorizm va ekstremizm bilan kurashishda eng old o‘rinlarda ekanini qayd etdi. U Afg‘oniston o‘z hududidan Tojikistonga terrorchilarning o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligini ta'kidladi. 

Rabboniy shuningdek Tojkiston bilan iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilishga e'tiborni qaratdi. Xususan, u CASA-1000 energetik loyihasini amalga oshirishga umid bildirdi. Mazkur loyiha Turkmaniston-Afg‘oniston-Tojikiston va Xitoy-Qirg‘iziston-Tojikiston-Afg‘oniston-Eron temir yo‘llari qurilishini ko‘zda tutadi. 

Bugungi uchrashuvdagi do‘stona va iliq muhitga qaraganda, ikki mamlakat o‘rtasidagi barcha tushunmovchiliklar hal qilingan, tomonlar yana avvalgidek o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgan. 

Mavzuga oid