Ispaniya qirolining kuyovi firibgar deb topildi
Ispaniya qirolining singlisi infanta Kristina hiyla-nayranglarga doir jinoiy ish bo‘yicha moliyaviy firibgarliklarda aybsiz topildi. Ammo, uning eri Inyaki Urdangarin 6 yil-u 3 oylik qamoq jazosiga mahkum etildi. Palma-de-Mayorka shahrining sudi shunday qaror chiqargan. Bu haqda TASS agentligi xabar qilmoqda.
"Sud Kristina de Burbonni uni gumon qilishgan jinoyatlardan oqladi", - deyiladi sud bayonotida. Bunda malika 265 ming yevro miqdorida jarima to‘lashi kerak, chunki u turmush o‘rtog‘i sodir etgan jinoyatlardan moliyaviy foyda ko‘rgan.
O‘z navbatida, Urdangarin xizmat vakolatini suiiste'mol qilish, firibgarlik, yuqori doiralardagi aloqalaridan g‘arazli maqsadlarda foydalanish va davlat xazinasiga nisbatan jinoyatlarda aybdor deb topilgan. U 6 yil 3 oylik qamoq jazosidan tashqari, 7 yil 1 oyga qisman diskvalifikatsiya qilinadi va 512 ming yevro jarima to‘laydi. Ammo, bu sudning yakuniy qarori emas, ayblanuvchi uni qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin.
Mazkur ish bo‘yicha eshituvlar 2016 yil 11 yanvarida boshlangan va 22 iyunda yakunlangan edi. Jinoiy ishga 17 kishi jalb etildi. Ispaniya qirollik oilasi a'zosi birinchi marotaba sudning ayblov kursisida o‘tirdi.
Prokuraturaga ko‘ra, Urdangarin va uning sobiq hamkori Diyego Torres rahbarlik qilgan "Noos Instituti" jamoat tashkiloti Balear orollari va Valensiya byudjyetlaridan yirik mablag‘larni o‘zlashtirishda yashirinish manbai bo‘lib xizmat qilgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, institut turli sport musobaqalarini tashkil etish bo‘yicha mahalliy hokimiyat uchun qiymatni haddan ortiq ko‘tarib yuborgan va olingan mablag‘larni turli tijorat firmalariga o‘tkazgan. Shu bilan 6 mln yevrodan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Mavzuga oid
14:30
RF xavfsizlik kuchlari Ispaniyada uchuvchini o‘ldirganlikda gumonlanmoqda
17:58 / 10.11.2024
Ispaniyada ommaviy norozilik namoyishlari: aholi Valensiya hukumati iste’fosini talab qilmoqda
22:04 / 06.11.2024
Ispaniyada bananlar ortilgan konteyner ichidan 13 tonna kokain topildi
09:51 / 06.11.2024