Jahon | 20:45 / 25.02.2017
22481
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqda 4 ming jasad ko‘milgan ommaviy qabr topildi

AFP 2017/ Delil Souleiman

Iroqda Mo‘sul yaqinida taxminlarcha 4 ming jasaddan iborat eng yirik ommaviy qabr topildi, deb xabar bermoqda Telegraph nashri. Hozir bu yerda IShIDga qarshi operatsiya o‘tmoqda.

Nashrning yozishicha, Mo‘sulni Iroq poytaxti Bag‘dod bilan bog‘lovchi yo‘l yaqinida, Xasfa tumanida katta o‘ra joylashgan. IShID jangarilari 2014 yilda asirga olingan iroqlik harbiylarni o‘ldirib, ularning jasadlarini shu o‘raga tashlagan. Mahalliy aholining aytishicha, Xasfada qotilliklar IShID 2014 yil yozida Mo‘sulni egallab olgandan 6 oy o‘tib boshlangan. 

Guvohlarning aytishicha, ko‘pchilik qurbonlar otib o‘ldirilgan. Ularning aytishicha, o‘raning chuqurligi unga jasadlar tashlanishidan avval 400 metrdan ko‘proqni tashkil qilgan. Bu voqealarning guvohlardan biri bo‘lgan Mahmudning aytishicha, jangarilar uni bir kun ichida 2 mingga yaqin politsiyachi va harbiylarni ommaviy qatl etishlarini kuzatishga majbur qilishgan. Qurbonlar orasida uning qarindoshi ham bo‘lgan. Mahmudning aytishicha, yana bir holatda o‘raga ichida yazidlar bo‘lgan avtobus ag‘darib yuborilgan. 

2015 yil iyunda jangarilar o‘rani yuk konteynerlari va beton devorlar bo‘laklari bilan to‘ldirib ustidan tuproq tortib, ko‘mib yuborishgan.

Bir hafta oldin Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy Mo‘sulning g‘arbiy qismi jangarilardan ozod qilinishi boshlanganini e'lon qildi. 24 fevralda Iroq hukumat kuchlari harbiy baza va Mo‘sul janubidagi qishloqni qaytarib olishgan va shahar g‘arbidagi turar joy mavzelariga kirishgan hamda aeroportni to‘liq nazoratlariga olishgan. Bundan avvalroq Mo‘sulning sharqi to‘liq ozod qilingandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid