Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyada referendumdan avvalgi tashviqot kampaniyasi boshlanadi
Turkiya hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi 25 fevraldan konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritishga doir referendum oldidan targ‘ibot ishlarini rasman boshlaydi. Shu munosabat bilan Anqaradagi sport arenasida anjuman bo‘lib o‘tadi. Unda partiya rahbari Binali Yildirim 40 ming kishilik partiyadoshlari oldida chiqish qiladi.
Yirik yig‘ilishga ATP vakillaridan tashqari 400 mahalliy va 30ta xorijiy jamoat tashkilotlari xodimlari ham taklif etilgan. Bundan tashqari, 130dan ortiq elchixonalarga ham taklifnomalar yuborilgan.
Aslida, ta'kidlash joizki, ATP va prezident Erdo‘g‘anning o‘zi tashviqot kampaniyasini allaqachon boshlab yuborgan. Bugun bo‘lib o‘tadigan rasmiy anjumanni rasmiyatchilik uchun o‘tkazilayapti, deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish Erdo‘g‘an va ATPning asosiy ichki siyosiy loyihasi hisoblanadi. Shunga ko‘ra, bu borada mag‘lubiyatga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Umumxalq referendumi 16 aprelda bo‘lib o‘tadi. O‘zgartishlarga ko‘ra, Turkiyada parlament boshqaruvini bekor qilib, prezidentlik boshqaruvini joriy etish ko‘zda tutilgan. 1923 yilda Turkiya jumhuriyati e'lon qilinganidan beri parlament rasman oliy hokimiyat organi bo‘lib qolmoqda. Mustafo Kamol Otaturk izdoshlari uchun bu mamlakat siyosiy tizimining timsoli ham hisoblanadi. U qonunchilik va mudofaa sohasidagi qarorlarga ham tegishlidir. Bundan tashqari, aynan parlament hukumatga ishonch bildiradi, uning faoliyatini bevosita nazorat qiladi, harbiy holat e'lon qiladi.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, prezident vakolatlari birmuncha kengaytiriladi hamda u davlat va hukumat rahbariga aylanadi. Bosh vazir lavozimi tugatiladi. Prezident vitse-prezident, vazirlar, sud hay'atlarining bir guruh a'zolari va prokurorlarni tayinlashi mumkin. U parlament ko‘rib chiqmasdan ham kuchga kiradigan farmonlarni imzolay oladi. Albatta, bu farmonlar parlament vakolatlariga zid bo‘lmasligi kerak.
Davlat rahbari, shuningdek, favqulodda holat e'lon qilishi, referendumlar tashkil etishi, davlat byudjyeti muhokamasini parlament muhokamasiga kiritishi mumkin. U zarur deb topsa o‘z partiyasida qolish huquqiga ega bo‘ladi.
Yangi islohotlarga ko‘ra, agar ular referendum orqali tasdiqlansa, parlament va prezident vakolatlari muddati 5 yilni tashkil etadi. Shu munosabat bilan navbatdagi prezident va parlament saylovlari bir kunda 2019 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi.
Dastlabki ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, ovoz berish jarayonida saylovchilarning ishtiroki 80 foizdan ortiqni tashkil etishi mumkin. O‘zgartish kiritish tarafdorlari va qarshilar o‘rtasidagi nisbat hozircha deyarli bir xil. Biroq, ko‘plab ijtimoiy fikrni o‘rganish markazlarining fikricha, 55 foiz fuqaro yangilikni ma'qullashi mumkin.
Mavzuga oid
15:55
Turkiyada 3 kunda 4 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi
20:23 / 12.06.2026
D guruhi tanishtiruvi. Mezbon AQSh kimlar bilan o‘ynaydi?
22:23 / 08.06.2026
Harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlik rivojlantiriladi
13:14 / 07.06.2026