Fan-texnika | 19:11 / 02.03.2017
6939
3 daqiqa o‘qiladi

Porsche yangi universalni taqdim etdi

Porsche kompaniyasi Panamera Sport Turismo universalini rasman taqdim etdi, uning omma oldidagi ilk namoyishi Jyenevadagi avtosalonda bo‘lib o‘tadi. 2012 yilda modelning seriyadan avvalgi varianti Parijdagi motorshouda taqdim etilgandi.

Yangi model ikkinchi avloddagi Panamera negizida yaratildi. Sport Turismo’ning uzunligi 5049, eni – 1937, balandligi esa - 1428 millimetrni tashkil etadi. Modelning g‘ildirak bazasi 2950 millimetrga teng. Shu tariqa, yangilik hajm jihatidan modelning boshlang‘ich nusxasi bilan bir xil. Faqatgina balandlik jihatidan farq bor – universal besh millimetrga balandroq.

Porsche Panamera Sport Turismo yuk qismi hajmi ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar suyanchig‘i ko‘tarilgandi 520 litr (gibridli nusxa uchun 425 litr)ni tashkil etadi. Bu ikkinchi avloddagi oddiy «Panamera» bilan taqqoslaganda 20 litrga ko‘proq. Orqa o‘rindiqlar suyanchiqlari tushirilganda hajm 1390 litrga ortadi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisining ta'kidlashicha, yangilik orqada uchta o‘ringa ega bo‘lgan ilk «Panamera»dir. Shu bilan birga, mijozlar ikkinchi qatorda ikkita alohida o‘rindiqqa ega modifikatsiyaga ham buyurtma berishlari mumkin.

Universal yuk qismi tomida faol spoyler bilan jihozlangan. U soatiga 170 kilometr tezlikka chiqsa, yetti darajaga pasayadi. Qanot 170 kilometr tezlikdan oshsa, aksincha tepaga bir darajaga ko‘tariladi. 

Qanot shuningdek shamoldan keladigan shovqinni pasaytirishda ham qo‘llaniladi. Soatiga 90 kilometr tezlikda ochiq lyukda qanot tepaga 26 darajaga ko‘tariladi, bu salonga kiruvchi shovqin miqdorini kamaytiradi.

Porsche Panamera Sport Turismo universali avvaliga beshta nusxada taklif etiladi: Panamera 4 Sport Turismo (330 ot kuchi), Panamera 4 E-Hybrid Sport Turismo (462 ot kuchi), Panamera 4S Sport Turismo (440 ot kuchi), Panamera 4S Diesel Sport Turismo (422 ot kuchi), shuningdek Panamera Turbo Sport Turismo (550 ot kuchi).

Germaniyada modellar sotilishi oktabr oyidan boshlanadi. Universalning boshlang‘ich nusxasi taxminan 97 ming 557 yevroga baholanmoqda.

Mavzuga oid