O‘zbekistonda yangi haydovchilik guvohnomasi joriy etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unda hukumat Ichki ishlar vazirligining milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunalarini bosqichma-bosqich joriy etish haqidagi taklifiga rozilik berdi.
Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi va texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonning yangi namunasi 2017 yilning 1 oktabridan boshlab beriladi. Milliy haydovchilik guvohnomasi berilgan kundan boshlab 10 yil muddatga beriladi
Amaldagi milliy haydovchilik guvohnomasining yangi namunalariga o‘tilishi:
2017 yil 1 oktabr — 2018 yil 31 dekabr davrida — eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qat'i nazar — ular egasining yozma arizasiga ko‘ra ixtiyoriy ravishda;
2019 yil 1 yanvar — 2020 yil 31 dekabr davrida — eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qat'i nazar — majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish 2017-2020 yillar mobaynida bosqichma-bosqich — avtomototransport vositasini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda amalga oshiriladi.
Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2021 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Milliy haydovchilik guvohnomasining tavsifi
Milliy haydovchilik guvohnomasi plastikdan tayyorlanadi. Plastikdan tayyorlangan guvohnoma o‘lchami 54x86 millimetrni tashkil etadi. Guvohnomaning rangi — och pushti. Lotin yozuvidagi davlat tilidan foydalaniladi. Seriyali raqami ikki harfli, nomeri olti raqamli. Milliy haydovchilik guvohnomasining plastik shakli quyidagi himoya vositalariga ega:
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri shaklidagi gologramma, u nishablikning turlicha burchagida o‘z shaklini o‘zgartiradi;
- mikromatn — «Haydovchilik guvohnomasi Voditelskoye udostovereniye Driving licence», o‘lchami maksimum 30 mikron;
- ultrabinafsha qoplama;
- «UZ» yozuvli egilganda bir rangdan boshqa rangga tovlanadigan optik turlanadigan bo‘yoq;
- gilosh, doimiy ravishda qiyshayib turadigan 40-70 mkm qalinlikdagi to‘lqinli chiziqlarning qalin tarmog‘i shaklidagi naqsh;
- seriyali raqamning lazer o‘yma naqshi.
Milliy haydovchilik guvohnomasining old tomonida «Haydovchilik guvohnomasi», «Voditelskoye udostovereniye», «Driving licence» so‘zlari yoziladi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan, O‘zbekiston Respublikasining nomi davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan, Yo‘l harakati to‘g‘risidagi konvensiyaga (Vena shahri, 1968 yil 8 noyabr) 6-ilova 4-bandining 1-3, 4a-4s, 5-7, 9-kichik bandlarida va 5-bandi 8-kichik bandida nazarda tutilgan ma'lumotlar majburiy tartibda ko‘rsatiladi, fotosurat uchun joy nazarda tutilgan. Orqa tomonida Yo‘l harakati to‘g‘risidagi konvensiyaga (Vena shahri, 1968 yil 8 noyabr) 6-ilova 4-bandining 9 va 12-kichik bandlarida, shuningdek 5-bandining 10 va 11-kichik bandlarida nazarda tutilgan ma'lumotlar majburiy tartibda ko‘rsatiladi. 1-12-bandlarda nazarda tutilgan ma'lumotlar keltiriladi. Alohida belgilar uchun joy nazarda tutilgan. A, B, C, D, BE, CE va DE toifalarini boshqarish uchun milliy haydovchilik guvohnomasinining haqiqiyligi tegishli piktogrammalar bilan ifodalangan.
Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning tavsifi
Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma o‘lchami 54x86 mm. plastikdan tayyorlanadi. Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning rangi — ko‘k. Lotin yozuvidagi davlat tilidan foydalaniladi. Seriyali raqam ikki harfli, nomeri oltita raqamli. Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning plastik shakli quyidagi himoya vositalariga ega:
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri shaklidagi gologramma, u nishablikning turlicha burchagida o‘z shaklini o‘zgartiradi;
- mikromatn — «Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma Svidetelstvo o registratsii avtomototransportnogo sredstva Vehicle license», o‘lchami maksimum 30 mikron;
- ultrabinafsha qoplama;
- «UZ» yozuvli egilganda bir rangdan boshqa rangga tovlanadigan optik turlanadigan bo‘yoq;
- gilosh, doimiy ravishda qiyshayib turadigan 40-70 mkm qalinlikdagi to‘lqinli chiziqlarning qalin tarmog‘i shaklidagi naqsh;
- seriyali raqamning lazer o‘yma naqshi.
Guvohnomaning old tomonida «Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma», «Svidetelstvo o registratsii avtomototransportnogo sredstva», «Vehicle license» so‘zlari yozilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan, «O‘zbekiston Respublikasi» so‘zlari davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan. Avtomototransport vositasining davlat raqam belgisi, ishlab chiqarilgan yili, avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan sana, avtomototransport vositasining egasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tashkilotning nomi, manzili), Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining bo‘limi majburiy tartibda ko‘rsatiladi.
Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning orqa tomonida avtomototransport vositasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar: rusumi, modeli, turi, kuzov shosse raqami, to‘la vazni, yuksiz vazni, dvigatelning toifasi va quvvati, yonilg‘i turi, rangi, haydovchining o‘rindig‘i bilan birgalikda o‘tiriladigan o‘rinlar soni, tik turiladigan o‘rinlar soni, alohida belgilar majburiy tartibda ko‘rsatiladi.
Texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonning tavsifi
Texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talon to‘rtburchak shaklidagi, o‘lchamlari 54x86 mm. bo‘lgan zichligi bir kvadrat metrga 140QG‘-5 grammanli 100 foiz paxtadan olingan qog‘ozdan tayyorlanadi. Qog‘oz qatlami orasiga joylashgan, ultrabinafsha nurda ko‘rinadigan ko‘k va och yashil rangli tola hamda nurda yaxshi ajralib turadigan «paxta chanog‘i» ko‘rinishidagi umumiy «suv belgi»si mavjud.
Ofsetli yozuv, mintaqa kodi, seriyasi ikki harfli, nomeri olti raqamli.
Blanka quyidagi maxsus himoyaga ega:
kimyoviy ta'sirga bardoshli bo‘yoqdan foydalaniladi, yuza qismidagi kataklarda nusxa olishga va skaner qilishga qarshi ingichka chiziqlar mavjud. Bir rangdan boshqa rangga rasm chiziqlari buzilmasdan ohista jilolanishi ta'minlangan.
Juda kattalashtirilganda mikromatn ko‘rinadi, ultrabinafsha nurda ko‘rinmaydigan tasvirlar va oltita raqamli son ko‘rinadi. Maxsus qabariq va o‘yiqlar mavjud. Lotin yozuvidagi davlat tilidagi matndan foydalanilgan.
Old tomonida avtomototransport vositasining rusumi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqam belgisi ko‘rsatiladi. Talonning orqa tomonida o‘tkazilgan texnik ko‘rik natijasi, joriy va navbatdagi texnik ko‘rikdan o‘tish sanasi ko‘rsatiladi. Talondagi yozuvlar Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati bo‘limi mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi hamda uning imzosi va maxsus shtampi bilan tasdiqlanadi.
Hukumat qarorida Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasining yangi namunasini tasdiqlash to‘g‘risida» 2006 yil 19 dekabrdagi 261-son qarori 2017 yil 1 oktabrdan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanishi belgilab qo‘yildi.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklandi.
Mavzuga oid
21:59 / 31.10.2024
Toshkentda «prava» olish uchun imtihon narxi oshgani rad etildi
12:54 / 05.10.2024
Hindistonlik erkak noodatiy avtomobillar kolleksiyasi bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi
09:57 / 18.08.2024
Xorazm va Jizzaxda pul evaziga haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
11:40 / 02.07.2024