To‘rt eshikli Mercedes-AMG GT modelining ilk suratlari paydo bo‘ldi
Germaniyaning Mercedes kompaniyasi Porsche Panamera Turbo modeliga raqobatchi bo‘luvchi Mercedes-AMG GT kontseptining dizayn-sketchini (kompyuterda yaratilgan tasviri) chop etdi.
Mercedes-AMG GT bir necha kundan keyin Jyeneva avtosalonida namoyish qilinadi. To‘rt eshikli mashina kupesimon kuzovga ega va taxmin qilinishicha, 2019 yilda bozorga chiqariladi.
Suratga ko‘ra, mashina orqaga qiyalab ketgan tom va yaqqol ko‘zga tashlanuvchi orqa diffuzorga ega bo‘ladi. Mashina taxmin qilinishicha, 4 litrli V8 motorda harakatlanadi va Mercedes modellari qatorida CLS Shooting Brake o‘rnini egallaydi.
Yangi mashina Mercedes-AMG Project One giperkari ortidan borib, "Mersedes"ning sport bo‘limi AMG’ning SLS, GT va Project One modellaridan keyin to‘rtinchi alohida modeli bo‘ladi. Yangi mashina bozorda "Panamera"dan tashqari, BMW 6 Series GranCoupe va Audi A7/RS7 modellari bilan raqobatlashadi.