Jahon | 13:45 / 09.03.2017
7127
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy dunyodagi birinchi fuqarolik suvosti kemasini Rossiya yordamida qurmoqchi

Foto: AP

Xitoy rossiyalik olimlar yordamida 2017 yil oxiriga qadar dunyodagi birinchi boshqariluvchi fuqarolik maqsadlaridagi suvosti kemasini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda China Daily gazetasi yozmoqda.

Gazeta ma'lumotiga ko‘ra, ishlab chiqish Tianjin Ostar Underwater Vehicles Co kompaniyasi tomonidan Rossiya ilmiy-tadqiqot institutlar yordamida amalga oshirilmoqda. Kompaniya bosh menejyeri o‘rinbosari Tszou Yunchunxening ma'lum qilishicha, suvosti kemasi o‘z bortiga 20-40 yo‘lovchini olishi va 24 metrgacha chuqurlikka tushishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning ikki yirik turistik kompaniyasi - Zhangjiajie va Beibu Gulf g‘oyaga qiziqish bildirgan. Uning aytishicha, kema yil oxiriga qadar tayyor bo‘ladi.

Tszou Yunchunxe kompaniya ishlanma uchun Rossiyaning bir necha ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirokidagi qo‘shma korxonani tashkil etgani hamda unga Ostar Sino-Russia Joint Marine Technology Research Institute nomi berilganini ta'kidlab o‘tdi.

"Bir kamar-bir yo‘l" strategiyasini rivojlantirish bizning kompaniyaga juda katta imkoniyat beradi", - deya ta'kidlab o‘tdi Tszou Yunchunxe. Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolik suvosti kemasi qurilishi tugallangach, undan sayyohlik maqsadida Vetnam, Tailand, Gretsiya va Turkiyada ham foydalanishlari mumkin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat qo‘llab-quvvatlovi yordamida 2017 yilning aprelida kompaniya loyihada ishtirok etayotgan rossiyalik olimlar sonini 30 kishidan ko‘proqqa oshirishi mumkin.

Mavzuga oid