Jamiyat | 14:20 / 10.03.2017
12160
3 daqiqa o‘qiladi

800 million so‘mlik bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlagan soxta tadbirkorlar

O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona sohasida ham qator imtiyozlar va qulayliklar joriy qilingan. 

Afsuski, berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish o‘rniga, o‘zlari uchun egri yo‘lini tanlagan shaxslar ham uchrab turibdiki, respublikamiz bojxonachilari tomonidan ularning qing‘ir qilmishlariga chek qo‘yilmoqda.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari “Sergeli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida olib kirilgan tovar-moddiy boyliklar uchun davlat byudjyetiga undiriladigan bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash maqsadida sodir etilgan navbatdagi nayrangni fosh etishdi.

Namangan viloyatida ro‘yxatda o‘tgan “M.G” mas'uliyati cheklangan jamiyat vakillari ushbu tashkilot nomiga Koreyadan yuborilgan umumiy qiymati 1 mlrd. 107 mln. so‘mlik 320 ming donadan ortiq bir martalik ustaralarni bojxona yuk deklaratsiyasida ustara uchun lezviyelar sifatida qayd qilishgani fosh qilindi.

Ekspertiza jarayonida ma'lum bo‘lishicha, uddaburonlar bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida ushbu tovarlarga tegishli yuk-kuzatuv hujjatlaridagi yozuvlarni ham o‘zgartirishadi. Bu ham yetmaganidek, jamiyat surishtiruvlar davomida bojxonachilarga qalbaki litsenziyani ham taqdim qilgan.

Shu tariqa soxta tadbirkorlar mazkur tovarga tegishli haqiqiy tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklatura kodlarini boshqasiga o‘zgartirish orqali davlat byudjyetiga aslida undirilishi lozim bo‘lgan taxminan 800 mln. so‘mlik bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasiga muvofiq korxona mansadbor shaxslariga nisbatan bojxona hujjatlari hamda vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalangan holda juda ko‘p miqdordagi tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan noqonuniy o‘tkazishga urinishgani sababli jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid