Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin va Erdo‘g‘an uchrashuvi. Turkiya Rossiyadan nima istamoqda?
Bugun, 10 mart kuni Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar Suriyadagi vaziyatni, xususan, ushbu mamlakatdagi harbiy amaliyotlar ikki davlatning muvofiqlikdagi harakatlari orqali olib borilishini muhokama qilishgan.
Erdo‘g‘an Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi aviareyslar miqdorini ko‘paytirishni taklif etgan.
«Men birinchi bo‘lib shuni aytishni istardimki, davlatlarimiz o‘rtasidagi aviaparvozlar hajmini oshirishimiz kerak. Shunchaki, parvozlar miqdorida cheklovlarni bekor qilish kerak», degan u.
Erdo‘g‘an RF va Turkiya munosabatlari rivojidagi to‘siqlarni olib tashlash kerakligini ta'kidlagan.
«Biz o‘zaro munosabatlar rivojidagi barcha to‘siqlarni olib tashlashimiz kerak. Rossiyadagi firma va kompaniyalarimiz sanksiyalar va cheklovlardan qutulishi kerak», degan u.
Ikki prezident harbiy sohadagi hamkorlik masalasini ham muhokama qilgan.
«Bizning harbiy sohadagi hamkorligimiz tet-a-tet formatidagi muzokaralar davomida muhokama etilgan. Bu soha hamkorligimizning muhim qismidir», degan turklar rahbari.
Erdo‘g‘an «Akkuyu» AESi qurilishini Turkiya uchun muhim qurilish deb atagan.
«Hozirda biz energetika masalalarida qalin hamkorlik qilmoqdamiz. «Turkiya oqimi» bo‘yicha ishlar jadal ketmoqda. «Akkuyu» AES (Turkiyadagi birinchi atom elektr stansiyasi - tahr.) borasida esa shuni aytishim mumkinki, bu qurilish biz uchun hayotiy ahamiyatga ega va biz bu loyihaning amalga oshirilishi jarayonini diqqat bilan kuzatamiz», degan Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘an Putinni Istanbulga, Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi tashkiloti yig‘ilishiga taklif etgan: «Istanbulda Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi tashkiloti yig‘ilishi o‘tkaziladi va unga sizni taklif etaman. Umid qilamanki, bu taklif qabul qilinadi».
Erdo‘g‘an matbuot anjumani vaqtida o‘tgan yil dekabrida Rossiyaning Anqarada o‘ldirilgan elchisi Andrey Karlovning oila a'zolariga hamdardlik bildirgan.
«Yana bir bor terakt qurboni bo‘lgan rossiyalik diplomat Karlovni xotirlashni istardim. Bugun shu yerda turib, yana bir bor uning oila a'zolariga va rus xalqiga hamdardlik bildirmoqchiman. O‘z faoliyati davomida u sidqidildan ishladi va Rossiya hamda Turkiya munosabatlari yaxshilanishi uchun harakat qildi», — degan u.
Erdo‘g‘an Suriyada qon to‘kilishini to‘xtatish choralarini kuchaytirishga chaqirdi.
«Mintaqa xavfsizligini ta'minlash masalasi hamkorligimizning muhim sohasi. Suriyada qon to‘kilishini to‘xtatish uchun biz birgalikda harakat qilishimiz kerak. Biz hozirda Suriya shimolini terrorchilardan tozalash bosqichidamiz va bu borada ishlar jadal olib borilmoqda», deydi Turkiya prezidenti.
Turkiya armiyasi o‘tgan yilning 24 avgustida Suriyaga quruqlikdagi qo‘shinlarini kiritdi va «Frot qalqoni» operatsiyasini boshladi. Suriya muxolif kuchlari bilan ittifoqchilikda olib borilgan janglar natijasida avvaliga Jarablus shahri, keyinroq Al-Bob ozod qilindi. Erdo‘g‘an Turkiya armiyasi mamlakatning janubiy hududlari xavfsizligi uchun Suriya shimolida terrorchilardan xoli, 5 ming kv km maydonni barpo qilish niyatida ekanini ta'kidlab kelmoqda.
Erdo‘g‘an Suriya va Iroqdagi asosiy vazifani aytib o‘tdi.
«Birinchi navbatda, Suriyada ham, Iroqda ham bu ikki davlatning hududiy yaxlitligi saqlab qolinishini ta'minlash asosiy vazifadir. Biz bu davlatlarning parchalanishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», degan u.
Mavzuga oid
09:51 / 15.10.2019
Tramp Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qilib, Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi
00:34 / 27.09.2019
Misr Erdo‘g‘anning Mursiy haqidagi so‘zlari uchun Turkiyaga norozilik bildirdi
22:00 / 24.09.2019
Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilishga chaqirdi
19:04 / 21.09.2019