O‘zbekiston | 22:54 / 13.03.2017
26238
3 daqiqa o‘qiladi

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar harbiy qasamyod qabul qilishdi

Foto: uza.uz

12 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning harbiy qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimlari o‘tkazildi. Bu haqida O‘zA xabar berdi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan poytaxtimizda bunyod etilgan «Vatanga qasamyod» haykali poyida shunday tadbir bo‘lib o‘tdi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan oddiy askar Amirxon Jo‘rayevning bobosi Nizom ota Rahmonov tadbirda ishtirok etish uchun Buxoro viloyatining Romitan tumanidan kelgan. 

“Nabiram milliy armiyamiz safiga chaqirilguniga qadar kurash bilan shug‘ullandi, kollejda elektron hisoblash mashinasi operatori yo‘nalishida o‘qidi, – deydi Nizom ota. – Uning haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘lganini ko‘rib, juda quvondim. Nabiramga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga safari va viloyatimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha bergan qimmatli maslahatlari haqida so‘zlab berdim. Amirxon ham xizmatdan so‘ng ushbu muhim rejalarni hayotga tatbiq etadigan yoshlardan biri bo‘ladi, deb o‘ylayman”. 

Muddatli xizmatni o‘tayotgan oddiy askar Qurbonali Ahmadbekovning onasi Xosiyatxon Qurbonova Farg‘ona viloyatining Quvasoy tumanidan kelgan. 

“Farzandlarimizning mazkur haykal poyida ona Vatanga qasamyod qilishida chuqur mazmun bor, – deydi Xosiyatxon opa. – Biz, onalar o‘g‘illarimiz Vatanimizga sodiq xizmat qilishiga ishonamiz”. 

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yashovchi Amirjon Musulmonov amakisi, oddiy askar Suhrob Ismatulllayevning harbiy qasamyod qabul qilishida ishtirok etish uchun otasi, polkovnik Akrom Musulmonov bilan birga kelgan. Amirjon ham, Suhrob ham kelajakda ofitser bo‘lishni maqsad qilgan. 

“Kuchli va baquvvat bo‘lish uchun taekvondo bilan shug‘ullanaman va kelajakda men ham Vatanimizning munosib himoyachisi bo‘lishni xohlayman”, – deydi Amirjon. 

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik Kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev, davlat va jamoatchilik tashkilotlari vakillari muddatli harbiy xizmatchilar, ularning oila a'zolari va yaqinlarini ushbu muhim voqea bilan tabriklar ekan, yigitlar ajdodlarimizning Vatanni himoya qilishdek sharafli an'anasini munosib davom ettirishiga ishonch bildirdi. 

“Men Qoraqalpog‘iston Respublikasidan keldim, – deydi oddiy askar Sulaymon Abdullayevning onasi Oysulton Abdullayeva. –O‘g‘limning harbiy qasamyod so‘zlarini eshitib, ich-ichimdan faxrlandim. Uning bergan va'dasiga sodiq qolishiga ishonaman”.

Mavzuga oid