Jamiyat | 17:09 / 15.03.2017
18181
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyaga parvoz qilayotgan samolyotda yo‘lovchi ayolning quloqchinlari portlab ketdi

Samolyotda quloqchinlari portlab ketgan ayol yuz va qo‘l sohalarining kuyishidan jabrlandi. Bu haqida 15 mart, chorshanba kuni Avstraliya rasmiylari xabariga asoslanib, Gulf News ma'lum qildi

19 fevral kuni Pekindan Melburnga parvoz qilayotgan yo‘lovchi ayolning ko‘zlari uyquga ilingan bir paytda u o‘z quloqchinlarida musiqa tinglayotgan bo‘lgan. Kutilmaganda baland portlash tovushi eshtilgan. 

"Men atrofga qaramoqchi bo‘lgan edim, yuzim kuyganini his qildim", - dedi u voqeani o‘rganayotgan Avstraliya transport xavfsizligi byurosi (ATSB)da.

Ayol quloqchinlari yonayotganini anglab yetganidan so‘ng ularni polga tashlab yuborgan. 

"Quloqchinlar uchqunlab, biroz olov ham chiqarayotgandi", - deydi u. 

Bort kuzatuvchilari yordamga shoshib, quloqchinlar ustidan bir chelak suv ag‘darishgan, biroq batareya va uning qopqog‘i erib, polga yopishib qolgan. 

Suratlarda ismi oshkor qilinmagan ayolning yuz, bo‘yin hamda qo‘l sohalari kuyganini ko‘rish mumkin. 

Yo‘lovchilar parvozning qolgan qismida erigan plastik, kuygan elektronika va sochlar hididan "baxramand bo‘lish"lariga to‘g‘ri keldi. 

"Odamlar manzilga yetib kelguncha yo‘talib, nafaslari siqib kelishdi", - dedi ayol. 

Transport xavfsizlik bo‘limi qurilmadagi litiy-ion batareyalarining yonganini taxmin qildi. 

"Batareyali qurilmalar assortimenti oshgani sayin parvoz vaqtida yuzaga keladigan muammolar soni oshib bormoqda", - dedi u va bunday qurilmalarni parvoz vaqtida xavfsiz joyda saqlash kerakligini qo‘shimcha qildi. 

Ta'kidlash joizki, o‘tgan yili ko‘plab aviakompaniyalar litiy-ion batareyalarining portlashi bilan bog‘liq xabarlardan keyin Samsung Galaxy Note 7 smartfonlarini taqiqlashgan edi. 

Mavzuga oid