Jahon | 16:11 / 15.03.2017
5254
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiya hukumati turkiyalik 12 imomning mamlakatga kirishini taqiqladi

Belgiyaning migratsiya masalalari bo‘yicha davlat kotibi Teo Franken Turkiyadan bo‘lgan 12 nafar imomga uzoq muddatli viza berishni rad qildi. Dernière Heure xabariga ko‘ra, bu imomlar mamlakatdagi bir qator davlat masjidlarida va'z qilishni rejalashtirgandi.

Ma'lum qilinishicha, ular Namyur, Bilzen va Gentda va'z qilmoqchi bo‘lgan.

12 imomdan 10 nafari hukumat qaroriga shikoyat qilgan. Bu shikoyatlardan 4tasi rad etib bo‘lindi. Xorijliklar bilan muammolarni hal qilish kengashi bu holatda din erkinligiga zid hech narsa qayd etmagan. Chunki, bu imomlar Belgiya chegaralaridan tashqarida bo‘lib, Belgiya hukumati yurisdiksiyasi ostida emas.

Bundan oldinroq rasmiy Anqara Niderlandiya elchisining Turkiyaga kirishini taqiqlagan va ikki davlat o‘rtasidagi barcha oliy darajadagi uchrashuvlarni bekor qilgandi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Niderlandiya bilan o‘rtadagi diplomatik mojaroni uzr so‘rash bilan hal qilib bo‘lmasligini bildirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid