Korrupsiya – uni yengish mumkinmi?
So‘nggi vaqtlarda mamlakatda korrupsiya mavzusi faol muhokama qilina boshladi. Ushbu ijtimoiy illatga qarshi qonunlar, farmonlar qabul qilinmoqda. Mazkur muammoga doir turli fikrlar bildirilmoqda. Yuliy Yusupov iqtisodchi-ekspert sifatida bo‘layotgan jarayonlarga o‘z fikrini bildirmoqda.
Korrupsiya – faqatgina O‘zbekiston emas, balki aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy bosh og‘riqlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham bu borada mustasno emas. Albatta, bu «kasallik» bilan kurashish lozim va shart. Biroq, uning ko‘rinishlari emas, aksincha uning sabablariga qarshi kurashish kerak.
Korrupsiyaning ildizlari qanchalik chuqur va umuman uni «ildizi» bilan yo‘qotish mumkinmi?
Birinchidan, bu fuqarolarning biznes yuritishlari va tadbirkorlik faoliyatlari bilan shug‘ullanishlari uchun turli xil ruxsatlarni berish borasida davlat organlari va mulozimlarning keng vakolatlaridir.
Davlat mulozimlarining nimagadir ruxsat berish va bermaslik vakolati qanchalik keng bo‘lsa, ruxsatlarni (litsenziyalar, sertifikatlar va b.) berish jarayoni shunchalik shaffof bo‘lmaydi. Bu holatda tamagirlik va pora olish uchun imkoniyat ham kengayadi. Bundan tashqari, ko‘plab taqiqlar va cheklovlar bo‘lsa, korrupsiya sxemalari xususiy sektorga ham o‘ta boshlaydi.
Masalan, naqd pullarni berish borasida ma'muriy to‘siqlar tijorat banklari, bank ishchilari, savdo tashkilotlariga pullarni naqdlashtirishda «shapka» olishlari uchun qulay sharoitdir. Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, faqat mulozimlar poraxo‘r bo‘lmaydi!
Ikkinchidan, korrupsiya – davlat va mulozimlarning bozor mexanizmlari ishiga turli usulda aralashuvidir. Narxlarni boshqarish, foiz stavkalarini belgilash, almashuv kursi, zaxiralarni markazdan taqsimlash, ayrim korxonalarga turlicha imtiyozlar berish shular jumlasidan.
Agar birorta mahsulot yoki zaxira narxi boshqarilsa, tez orada uning tanqisligi kuzatiladi. Natijada navbatda turishlar, qora bozor, «shapka», foydadan ulush berish va boshqa shu kabi tanqislik hamda iqtisodiyotining allambalo ko‘rinishlariga duch kelinadi. Valyuta kursi va foiz stavkalarini boshqarishda ham shunday holatni uchratish mumkin. Bu safar, faqat davlat mulozimlari emas, balki tijorat sohasi xodimlari ham “mo‘maygina daromad” topishga harakat qiladi. Imtiyozlarni taqdim qilishda ham shunga duch kelinadi. Biznes davlat hisobidan qandaydir imtiyozlarga ega bo‘lish borasida qanchalik ko‘proq imkonga ega bo‘lsa, korrupsiya ehtimoli ham shunchalik ortadi.
O‘zbekistonda, afsuski, davlat organlari va mulozimlarning nimagadir ruxsat berish yoki taqiqlash, bozor mexanizmlariga aralashish, biznes yuritishga noteng sharoitlar yaratish borasidagi imkoniyatlari hamda vakolatlari ulkandir. Davlatning iqtisodiyotdagi o‘rnini keskin o‘zgartiruvchi iqtisodiy va ma'muriy islohotlarsiz, korrupsiya «ildizi»ni yo‘qotish muammosini hal etib bo‘lmaydi.
Uchinchidan, yuqori soliq va bojxona to‘lovlari yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qulay sharoit yaratadi. Masalan, agar bojxona boji haddan ortiq yuqori bo‘lsa, jahon amaliyotidan yaxshi ma'lumki, bu kontrabanda va bojxona organlaridagi korrupsiyaga sabab bo‘ladi. Asossiz ravishda haddan yuqori soliq esa tadbirkorlarni o‘z biznesini qisman yoki to‘liq yashirin yuritishiga majbur qiladi. Bu tekshiruvchi organlarning korrupsiyasiga olib kelishi kundek ravshan.
O‘zbekistonda iqtisodiyotiga soliq yuki dunyodagi rivojlanayotgan mamlakatlardagi eng yuqorilardan biridir. U YaIM (yalpi ichki mahsulot)ning 30-35 foizini tashkil etadi. Biz boshqa rivojlangan mamlakatlar singari bu ko‘rsatkich borasida ilgarilab ketdik, odatda mamlakat qanchalik boy bo‘lsa, u yerdagi soliq yuki ko‘proq bo‘ladi. (Boylar ko‘proq to‘lay oladi). Yiliga aholi jon boshiga YaIM miqdori 2000 dollarni tashkil etadigan mamlakatlar uchun soliq yuki 15-20 foiz bo‘lishi maqbuldir. Bojxona to‘lovlari darajasi bo‘yicha ham biz dunyodagi eng yuqori o‘rinlarda turamiz. Shunday ekan, soliq va bojxona yuklamalarini kamaytirish vositasida yashirin iqtisodiyot, kontrabanda va korrupsiya asoslarini yo‘qotish mumkin.
To‘rtinchidan, qonunchilikning mukammal emasligi ham korrupsiya va yashirin iqtisodiyot avj olishiga sabab bo‘ladi. Me'yoriy hujjatlardagi ichki ziddiyatlar, turli mazmunli me'yorlarning ko‘pligi, katta miqdordagi taqiqlar, cheklovlar va shu kabilar. Fuqarolar va tadbirkorlar istar-istamas, mavjud me'yorlarni aylanib o‘tishga, aniqrog‘i buzishga majbur bo‘lishadi. Bu ham mulozimlarning pora olishiga zamin tug‘diradi. Shunday ekan, mavjud qonunchilik bazasini soddalashtirish maqsadida qayta ko‘rib chiqish, turli kelishmovchilik va ortiqcha cheklovlarga barham berish, qabul qilinayotgan hujjatlar, xususan, ijro hokimiyati qabul qilayotgan qarorlarni ham korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni joriy qilish maqsadga muvofiq.
Beshinchidan, bu davlat xizmatchilarining malakasi va ularni harakatlantiruvchi omilni topa bilishdir. Davlat xizmatchilari sonini (davlat idoralarining vakolatlarini qisqartirgandan so‘ng) kamaytirmasdan va mulozimlar maoshlarini sezilarli oshirmasdan korrupsiyaga qarshi samarali kurashib bo‘lmaydi. Bugungi kunda, bu maosh ancha pastligi ham korrupsiyaga yo‘l qo‘yish uchun turtki beradi. Shu bilan birga, davlat xizmatchilarini ishga olishda barcha darajada tanlov va shaffoflikni yo‘lga qo‘yish kerak. Ijroiya va sud hokimiyatlari ustidan samarali parlament va jamoat nazoratini kuchaytirish lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurashda iqtisodiy choralardan tashqari, noiqtisodiy choralarni qo‘llash ham samara beradi. Gap, birinchi galda, jamoatchilikni faollashtirish haqida bormoqda. Haqiqatdan ham huquqni muhofaza qilish organlari bu illatga qarshi yakka holda kurasha olmaydi. Ularga fuqarolik jamiyati, OAV, aholi tomonidan yordam kerak. Korrupsiya xalqimizning «tabiiy» odati sifatida emas, aksincha mutlaq yovuzlik sifatida baholanishi zarur. Bu yolg‘on, uning xalqqa yoki tabiiylikka umuman aloqasi yo‘q. Fuqarolik jamiyatlarining faol institutlari, mustaqil OAV, ta'sirchan huquq-tartibot idoralari va sud tizimi – korrupsiyaga qarshi amaliy kurash belgilaridir.
Manba: Kommersant.uz
Mavzuga oid
19:45 / 05.11.2024
Chirchiq shahri hokimi o‘rinbosari 1 mln dollar bilan ushlandi
22:29 / 03.10.2024
Janubiy Koreya prezidenti rafiqasidan poraxo‘rlik ayblovi olib tashlandi
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
19:11 / 23.08.2024