Jamiyat | 20:10 / 18.03.2017
16680
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Davlat bojxona qo‘mitasida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita Markaziy apparati shaxsiy tarkibi, Toshkent viloyati va Toshkent shahri bojxona boshqarmalari, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Oliy harbiy bojxona instituti, Milliy kinologiya markazi vakillari, bojxona faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Bahoriy kuylar sadosi ostida boshlangan tadbirni ochar ekan, Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi M.Toxiriy Navro‘zning yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an'analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va ta'siri tobora ortib borayotganini ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 fevraldagi "2017 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu yil bayram o‘zgacha ruh va kayfiyatda nishonlanmoqda. Xususan Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillariga qizg‘in taraddud ko‘rilmoqda.

Qarorda qayd etilganidek, azal-azaldan xalqimizning ezgu va go‘zal qadriyatlarini, uning olijanob orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o‘lmas meros sifatida bezavol o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat'iy nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma'nodagi umumxalq bayramiga aylandi.

Bugungi kunda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari  avvalambor xalqimizning tinchligi, osoyishtaligi va yurt farovonligiga qaratilgan.

Bu borada davlat bojxona xizmati organlari xodimlari ham yurtimizning iqtisodiy barqarorligi va tinchligi yo‘lida samarali xizmat qilib, ijobiy ko‘rsatkichlarga erishmoqda.

Tadbirda bayram munosabati bilan qo‘mita buyrug‘iga binoan tizimda o‘rnak ko‘rsatib xizmat qilayotgan bir guruh xodimlar, shuningdek, bojxona faxriylari rag‘batlantirildi. Tadbir davomida mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid